«Foton» AJning davlat aksiyalari paketi rossiyalik investorlarga taklif qilindi. Juma kuni Toshkentda o‘tkazilgan davra suhbatida «O‘zeltexsanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Mansur Hoshimov shu taklifni Rossiya tomoniga bildirdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Foton» zavodiga 1942 yilda asos solingan va hozirda 68 ming metr kvadratga yaqin maydonda ikkita ishlab chiqarish binosiga ega. Davlat 257 nafar mutaxassis ishlaydigan korxonaning 83,15 foiz aksiyalariga egalik qiladi. «Foton» 30 dan ortiq turdagi yarimo‘tkazgich mahsulotlar va chiplar, televizorlar, changyutgichlar, onlayn nazorat-kassa apparatlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Mansur Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarilgan yarimo‘tkazgichli mahsulotlar hukumatlararo kelishuv doirasida mudofaa sanoati korxonalari ehtiyojlari uchun Rossiyaga to‘liq eksport qilinmoqda. 2020 yilning yanvar-noyabr oylarida jami 1,17 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan [2019 yilda — 1,33 mln dollarlik].

«Korxonaning elektron qurilmalarni ishlab chiqarishdagi uzoq yillik tajribasini, sohadagi malakali texnik mutaxassislar mavjudligini, shuningdek, Rossiya O‘zbekistonning strategik muhim ahamiyatga ega ittifoqdoshi ekanini inobatga olgan holda «Foton»ning 85,15 foiz miqdordagi aksiyalar paketini sotib olish imkoniyatini taklif qilmoqchimiz», — dedi Mansur Hoshimov.

U shu bilan birga, «Foton» bazasida mudofaa kompleksi va xalq xo‘jaligi korxonalari uchun elektron qurilmalar hamda mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkillashtirishni taklif etgan: mikrosxemalar, yuqori voltli to‘g‘irlagich ustunlar, yarim o‘tkazgichli to‘g‘irlagich va kuch diodlarini, maydon tranzistorlari, operatsion kuchaytirgichlar va boshqalar.

«O‘zeltexsanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Rossiya tajribasini hisobga olgan holda O‘zbekiston elektronika va elektrotexnika sohasida rivojlanish strategiyasini birgalikda ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Bundan tashqari, keyinchalik Rossiyada sanoat korxonalari ehtiyojlari uchun yetkazib berish bilan O‘zbekiston hududida ishlab chiqarishni rivojlantirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida zamonaviy elektron komponentlar (mikrosxemalar va boshqalar)ning yangi ishlanmalari va texnologiyalarini taqdim etish taklifi bildirildi.

Takliflar orasida shuningdek — muqobil energetika sohasida telekommunikatsiya uskunalari, maishiy va sanoat robotlari hamda elektrotexnika mahsulotlarini yaratishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish ham bor edi.

Eslatib o‘tamiz, «Foton» investitsion jozibadorlikni oshirish bo‘yicha maqsadli dasturlar orqali ommaviy savdoga qo‘yilgan 62 ta davlat aktivi ro‘yxatiga kiritilgandi.