Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi holati va dinamikasi hisobotida berilishicha, davlat tashqi qarzi yil boshiga nisbatan 18% ga oshgan.

1 oktyabr holatiga, O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 20,8 mlrd dollar ekvivalentini yoki YAIMga nisbatan 36,8 foizni tashkil etgan.

Shu jumladan davlat tashqi qarzi 2,8 mlrd dollarga yoki yil boshiga nisbatan 18 foizga oshib, 1 oktyabr holatiga 18,5 mlrd dollarga yoki YAIMga nisbatan 32,8 foizga yetdi.

Shundan:

  • Hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz — 12,7 mlrd dollar;
  • Hukumat kafolatlagan tashqi qarz — 5,8 mlrd dollar.

Davlat ichki qarzi esa dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 23,6 trln so‘mni (2,3 mlrd dollar) yoki YAIMga nisbatan 4 foizni tashkil etdi.

Shundan:

  • Hukumat nomidan jalb qilingan ichki qarz — 4,7 trln. so‘m (0,4 mlrd. dollar);
  • Hukumat kafolatlagan ichki qarz — 18,9 trln. so‘m (1,9 mlrd. dollar).

Davlat qarzining so‘ngi yillardagi o‘sishi dinamikasiga qaramay, xalqaro me’yorlarga ko‘ra O‘zbekiston davlat qarzi (YAIMga nisbatan — 36,8 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YAIMga nisbatan — 32,8 foiz) mo‘’tadil darajada saqlanib qolmoqda, deyiladi vazirlik hisobotida.