Innovatsion rivojlanish hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan Xitoyning Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutining ishlanmasi asosida Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd kompaniyasi ishlab chiqqan koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi bosqich klinik sinovlarini o‘tkazish ishlari boshlandi, deya xabar berdi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Klinik sinovlarni o‘tkazish uchun jami 5 ming nafar ko‘ngillilar tanlab olingan. Jarayonning etik jihatlarini e’tiborga olgan holda ko‘ngillilarning shaxsi oshkor qilinmasligiga kelishildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyatining 20 ta ko‘ngilli oila a’zolari Xitoydan olib kelingan rekombinant vaksina bilan birinchi dozada emlangan.

O‘zbekistonga Zhifei kompaniyasi tomonidan 6000 dona sinov vaksinasi (50% haqiqiy vaksina, 50% platsebo), 12 ming dona PZR testlar, 8 ming dona antitanalarni aniqlovchi testlar hamda barcha ishlatiladigan yordamchi materiallar olib kelingan.

O‘z navbatida, Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasining 8 nafar mutaxassislari Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligidagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari bilan birgalikda sinov o‘tkaziladigan poliklinikalari vrach va hamshiralari uchun vaksinatsiya tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha treninglar o‘tkazdilar.

Ushbu vaksina I va II faza klinik sinovlarda nisbatan yuqori xavfsizlik profiliga egaligini namoyon etdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyatining 20 ta ko‘ngilli oila a’zolari Xitoydan olib kelingan rekombinant vaksina bilan birinchi dozada emlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq vaksinanining uchinchi klinik sinovlari reja bo‘yicha 5000 ko‘ngilli odamda, faqat Toshkent shahrida o‘tkazilishi va vaksinalar O‘zbekistonga olib kelingani haqida xabar bergan edik.