11-dekabr kuni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi [YeOII]ning sammiti videoanjumani shaklida bo‘lib o‘tadi. Unda Belarus Respublikasi prezidenti, Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi raisi Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda YeOIIga a’zo davlatlar — Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, shuningdek, kuzatuvchi maqomidagi Moldova va taklif etilgan mamlakat sifatida Kuba yetakchilari ishtirok etadi.

O‘zbekiston Respublikasiga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish sammit kun tartibidagi asosiy masalalardan biridir. Davlat rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonning YeOII bilan o‘zaro manfaatli hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu yili may oyida Oliy Majlis O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi faoliyatida kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etishi to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagan edi.