Sog‘liqni saqlash vazirligi YUNICYeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikdagi qo‘shma dastur doirasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga immunizatsiya jarayoniga ixtisoslashgan 16 ta zamonaviy transport vositasini topshirdi. Bu xaqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, avtotransport vositalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatining viloyat bo‘limlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ulardan butun mamlakat bo‘ylab bolalarning vaqtida emlangani monitoringini olib borish sifatini yanada yaxshilash uchun foydalaniladi.

«Immunizatsiya bolalar orasida kasalliklarning oldini olishda asosiy omillardan biridir. Ayni paytda mamlakatimiz milliy emlash kalendaridan 13 ta vaksina o‘rin egallagan bo‘lib, aholini emlash bilan qamrab olish 99 foizni tashkil etmoqda. YUNICYeF bilan ushbu yo‘nalishdagi hamkorligimiz esa mamlakatimizdagi barcha bolalarning salomatligi uchun katta ahamiyatga ega», — dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Botirjon Qurbonov.

Ma’lum qilinishicha, marosimda transport vositalari YUNICYeF hamda Vaksinalar va immunizatsiya bo‘yicha global alyans tomonidan ko‘rsatilgan ko‘mak yordamida O‘zbekistonning milliy emlash dasturini yanada takomillashtirish maqsadida sotib olingani ta’kidlandi. Shuningdek, YUNICYeF Sog‘liqni saqlash vazirligiga markaziy, viloyat va tuman darajalarida vaksina omborlarini qurish hamda sovuqxonalar, muzlatgichlar va sovutgichlarni sotib olish, ularni o‘rnatish hamda vaksinalarni tashish uchun transport vositalarini sotib olish orqali milliy emlash dasturini kuchaytirishga ko‘maklashmoqda.

Foto: SSV matbuot xizmati.

Bundan tashqari, vaksinalar logistikasini boshqarish uchun axborot tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur loyiha milliy emlash tizimini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

«Ishonamanki, ushbu transport vositalari sovuqlik zanjirini ta’minlash uchun taqdim etilgan boshqa qurilmalar bilan bir qatorda, butun mamlakat bo‘ylab bolalar sog‘lig‘ini yaxshilashga katta hissa qo‘shadi. Bolalar uchun vaksinalarni o‘z vaqtida taqsimlash muhim vazifa hisoblanadi. Shuning uchun ham bugun taqdim etilgan yordam hamda viloyatlarga yetkaziladigan avtomobillar mamlakatning barcha xududlariga sifatli vaksinalarni yetkazib berishni ta’minlashga xizmat qiladi», — dedi YUNICYeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Jefri Ijumba.