Qorako‘l tumanida gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlardan norozi bo‘lgan xalq namoyish tashkil etdilar. Ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishchilar hokim yoki mas’ullar bilan uchrashish umidida Qorako‘l tumanidan o‘tuvchi M37 Xalqaro Trassani to‘sib qo‘yganlar.

«Hududgaz Buxoro» ushbu hodisaga rasmiy munosabat bildirdi. Xabarga ko‘ra, Qorako‘l tumanidagi «Kogon» magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli «Qorako‘l» gaz taqsimlash stansiyasidan tumandagi iste’molchilarga 6 atmosfera bosimi ostida tabiiy gaz yetkazib berilib kelingan.

Gaz taqsimlash stansiyasidagi 2-raqamli jo‘mrak orqali 1,8−2 atmosferaga qisqartirilishi natijasida aholi xonadonlariga tabiiy gaz ta’minoti to‘xtab qolganligi aytilmoqda.

Bu esa tumandagi «Do‘stlik» va «Qorako‘z» mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining noroziligiga sabab bo‘lgan. Ayni vaqtda, hududda gaz ta’minoti tiklandi, deyiladi xabarda.