Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bu yil rivojlanayotgan Osiyoda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlarini -0,7% dan -0,4% gacha yaxshiladi. Bu boradagi ma’lumotlar bankning yangi hisobotida keltirilgan (PDF).

Mutaxassislar 2021 yilda 6,8 foiz o‘sish kuzatilishini prognoz qilishda davom etishayotgan bo‘lishsa-da, mintaqa ichida rivojlanish istiqbollari turlicha bo‘lishini, ya’ni Sharqiy Osiyoda iqtisodiyot o‘sishi va boshqa submintaqalarda esa pasayish kuzatilishi kutilayotganini ta’kidlashmoqda.

Markaziy Osiyo YAIMining prognozi 2020 yilda 2,1% darajasida saqlanib qolingan, ammo 2021 yil prognozi nisbatan bir oz — 3,9% dan 3,8% gacha pasaygan. Mintaqa mamlakatlaridagi inflyatsiya darajasi, ekspertlar kutganidek, 2020 yilda 8,3% dan 7,8% gacha va 2021 yilda 6,6% dan 6,5% gacha kamayadi.

«Osiyodagi rivojlanayotgan mamlakatlarning istiqbollari yaxshilanmoqda. Xususan, mintaqaning ikki yirik iqtisodiyoti bo‘lgan XXR va Hindiston uchun o‘sish prognozlari ko‘tarildi. Uzoq muddatga cho‘zilayotgan pandemiya hamon asosiy xavf bo‘lib qolmoqda, ammo vaksinalar bo‘yicha kuzatilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar uning ta’sirini yumshatishi kutilmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlarga vaksinalarni xavfsiz, samarali va o‘z vaqtida yetkazib berish mintaqadagi iqtisodiy tiklanish va o‘sishni qo‘llab-quvvatlash uchun juda muhimdir», — ta’kidladi bankning bosh iqtisodchisi Yasuyuki Savada.