Ushbu masala 9-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishida ko‘rib chiqildi. Bu haqda qo‘mita xabar bermoqda.

Ijroqo‘m yig‘ilishida bu kabi jihatlar inobatga olinib, sport va tashkilotchilik bo‘yicha katta salohiyatga ega bo‘lgan Otabek Umarov nomzodi Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidentligiga ilgari surildi.

“OOK vitse-prezidentligiga ko‘rsatilayotgan nomzod ayni paytda eng munosib vakil deb aytishim mumkin. Bu inson sportni g‘oyatda sevadi va o‘zi ham sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Faoliyati davomida mamlakatda bir qator sport turlarini rivojlantirishda, Olimpiya harakatini targ‘ib qilishda tashabbus ko‘rsatgan. Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlari bo‘yicha shartnoma imzolangach, bu bo‘yicha alohida direksiya va Respublika ishchi guruhi tuziladi. Bo‘lajak musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishda transport logistikasidan tortib boshqa sohalardagi infratuzilmalar, jumladan musobaqaqalarni qabul qiladigan sport majmualari, mehmonxonalar, axborot kommunikatsiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Bu borada hukumat yordamiga muhtojmiz. Oldimizda katta vazifa turibdi. Buni faqat birgalikda amalga oshirishimiz mumkin”, — dedi MOQ prezidenti Rustam Shaabduraxmonov.

2025-yil Toshkent ilk bor yirik kompleks musobaqa — IV yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston vitse-prezidentlikka nomzod ko‘rsatish huquqiga ega.

16-dekabrda O‘monning Maskat shahrida Osiyo Olimpiya Kengashining navbatdagi Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Unda ikkata masala — OOK vitse-prezidentligiga nomzod saylanadi va 2025-yilgi IV yoshlar Osiyo o‘yinlari mezbon mamlakati bilan shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, OOKda jami 10 ta vitse-prezident faoliyat ko‘rsatadi. Ularning besh nafari qit’adagi mintaqalar bo‘yicha ish olib borsa, qolgan yarmi Osiyoda o‘tadigan beshta yirik kompleks musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha mas’ul hisoblanadi.