Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida fermerlardan biri sirli o‘lim topgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. “Gazeta.uz” so‘roviga ko‘ra, ushbu holatga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov aniqlik kiritdi.

Ma’lum qilinishicha, 6-noyabr kuni soat 10:30 lar atrofida Muzaffar Muhammadiyevning jasadi Xatirchi tumani “Polvonota” MFY hududidan oqib o‘tuvchi “Qaxramon” arig‘idan, tan jarohatlarisiz topilgan. U ayni shu mahallada istiqomat qilgan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazib, natijada shu yili 5 dekabr kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining 27-noyabrdagi xulosasida esa M.Muhammadiyevning o‘limi yurak nafas yo‘llarining suv bilan berkilishidan kelib chiqqan mexanik asfeksiya bilan bog‘liqligi qayd qilingan. Bundan norozi marhumning qarindoshlari turli xil shubhalar asosida turli instansiyalarga murojaat qilishgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi videoda o‘zini Muzaffar Muhammadiyevning akasi ekanini aytgan shaxs, ukasi 74 gektar yerda fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanganini ta’kidlagan. Shuningdek, u ukasi tuman hokimining unga tegishli yer maydoniga oid ijara shartnomasini bekor qilish haqidagi qarori ustidan sudga murojaat qilganini ma’lum qilgan.

Aytilishicha, shu yilning 5-noyabr kuni fermer va uning akasi Navoiy viloyati ma’muriy sudiga borgan, hokimlik vakillari qatnashmagani sabab ishni ko‘rish 12-noyabrga qoldirilgan. Uning ertasiga esa fermerning jasadi ariqdan topilgan. Uning yaqinlari bu ishga tuman hokimi aloqadorligini ta’kidlashmoqda.

Shundan kelib chiqib, tuman prokuraturasi tergovchisi E.Asatovning jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish qarori tuman prokurori tomonidan bekor qilingan. Hozirda marhumning oila a’zolari vajlari to‘laqonli tekshirilishi yuzasidan qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilayotgani ma’lum qilindi.