«Yuksalish» UMH raisi, quyi palata deputati Bobur Bekmurodov O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga Rossiya tomonidan qo‘yilgan taqiq yuzasidan munosabat bildirdi.

«„Rosselxoznadzor“ tomonidan virus aniqlanganligi vaji bilan Farg‘ona, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga import taqiqining qo‘yilishi respublika eksport hajmlariga jiddiy ta’sir o‘tkazmaydi», — deya ta’kidladi u.

Deputat shuningdek, hozirda dunyodagi geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlar o‘zgaruvchan xarakterga egaligini qayd etdi. «Bunday harakatlar tashqi bozorlarimizni diversifikatsiyalashga jiddiy e’tibor qaratish va Jahon savdo tashkilotiga a’zolikni tezlashtirish lozimligini yana bir bor eslatmoqda», — dedi Bekmurodov.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati Farg‘onadan barcha o‘simlik mahsulotlarini, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlaridan esa pomidor va qalampirni mamlakatga olib kirishga taqiq qo‘ygani haqida yozgan edi.