Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Karimovning UzAuto Motors monopoliyasiga qarshi kurashish haqidagi fikrlariga munosabat bildirdi.

Avvalroq, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Karimov UzAuto Motors monopoliyasiga qarshi kurashishning yagona yo‘li — kirib kelayotgan avtomobillar uchun bojxona to‘lovini pasaytirish deya ta’kidlagan edi.

“Boshidan buyon takrorlanib kelayotgan fikr aynan shu. Yo‘nalish ham aynan shu: O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi orqali aynan shu raqobat muhitini shakllantirish ustida ishlanmoqda, tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shu fikrga kelish uchun shuncha shovqin, shuncha populizm… Kimlardir mashhurroq bo‘lgandir, O‘zbekiston yutmadi”, — dedi Alisher Qodirov.

O‘zA muxbiri u bilan bog‘lanib, kimlarni populist deb atagani va nimada O‘zbekiston yutqazganiga oydinlik kiritgan. Alisher Qodirovning ta’kidlashicha, xorijdan avtomobil olib kelishni taklif qilayotgan “xalqparvar"lar nafaqat siyosatni, balki iqtisodiyotni ham tushunmaydi.

“Mintaqada avtosanoatni shakllantirish uchun ozmuncha mehnat qilinmadi. Biznes talablari o‘z vaqtida bu loyihani foyda keltirmaydi, deb hisoblagan. To‘lov qobiliyati past bo‘lgan davlatlarda avtosanoat yashab ketolmaydi. Avtosanoat davlatlarni ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham intellektual kuchli qiladigan tarmoq. Kuchli davlatlar bu tarmoqni inqiroz paytlarida bekorga qo‘llab-quvvatlashmaydi. Masalan, Rossiyada eng og‘ir iqtisodiy inqiroz holatida ham „AvtoVAZ“ yo‘q qilib yuborilmadi. Buni tushungan tushunadi. O‘zbekistonda avtosanoatni yo‘q qilib, xorijdan avtomobil olib kelishni yo‘lga qo‘yishni „xalqparvar“ taklif sifatida ilgari surganlar nafaqat siyosatni, balki iqtisodni ham tushunmasa kerak”, — dedi quyi palata spikeri o‘rinbosari.

Qodirov: “Odamlarga yaxshilik qilayotgandek ko‘rinayotgan bu g‘oyalar ostida O‘zbekistonga yomonlik yotibdi. „Dunyoni qayerida yashasam ham qornim to‘q bo‘lsa bo‘ldi“, deb yashaydigan kosmopolitik qarash egalariga bu masala, albatta, kulgilidir. O‘zbekistondagi monopoliyalarning hammasi, jumladan, „O‘zavtomotors“ ham O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lganidan keyingi ochiq va kuchli raqobatga tayyor bo‘lishi kerak. Buning uchun juda ko‘p yig‘ilib qolgan muammolar bartaraf etilayotganini ko‘rib turibmiz. Yillab yig‘ilgan masalalar bir necha yilda hal bo‘lib qolmaydi. Olib borilayotgan islohotlarning mazmuni ham shunda”, — deya qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” o‘z manbasiga tayanib, 12-oktabrda o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov qo‘mita raisi Najmiddinxo‘ja Sharipovni tanqid qilib, qo‘mitaning UzAuto Motors kompaniyasiga qarshi harakatlarini populistik deb atagani haqida yozgan edi. Voqeadan so‘ng Antimonopoliya qo‘mitasi va Vazirlar Mahkamasi bosh vazir ishtirokidagi yig‘ilishda populizm haqida aytilgan gaplar noto‘g‘ri talqin etilayotganini ma’lum qilgandi.