Namangan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida pensionerlar «Halq banki» sayyor kassalari tomonidan pensiya kech to‘lanayotganidan shikoyat qilishgan. Ma’lum bo‘lishicha, bank xodimlari tizimda pensiya to‘langanini qayd etib, aslida pullarni o‘z egalariga yetkazishmagan. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qisqa 1140 raqamli «Ishonch telefoni»ga Namangan viloyati Uychi tumanidan fuqaro A.X. 6 noyabr kuni murojaat qilib, sentyabr oyi pensiyasi berilmaganini aytgan.

«Murojaat o‘rganilganda, bir necha fuqarolarning sentyabr oyi to‘lov ruyxatiga chiqarilgani va Xalk bankining sayyor kassasi xodimi tomonidan shu oyda to‘langanlik to‘g‘risida ma’lumot kiritigani, biroq to‘lab berilmagani aniqlangan. Fuqaroga pensiya 7 noyabr kuni to‘lab berilishi ta’minlandi», — deyiladi xabarda.

Shu kabi holat Navoiyda ham kuzatildi. Viloyatning Xatirchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro G. B. pensiya grafikdan kech qolayotganini ma’lum qilgan. Murojaat o‘rganilgach, bankning sayyor kassasi xodimi dasturda to‘landi belgisini qo‘yib, pensiyani asossiz ravishda to‘lab bermagani aniqlangan.

Bundan tashqari, sayyor kassa xodimlari tomonidan pensiyani ishonchnomasiz to‘lash holatlari ham aniqlangan.

Aytilishicha, Samarqand viloyati Tayloq tumanida yashovchi fuqaro D.G. 10 noyabr kuni oktyabr va noyabr oylari uchun pensiya berilmagani bo‘yicha murojaat qilgan. O‘rganishlar natijasida, shu kabi boshqa fuqarolarning ham oktyabr va noyabr oylariga pensiyalari bankdan chiqarilganiga qaramasdan, ularga yetib bormagani aniqlangan.

«Xalk bankining sayyor kassasi xodimi tomonidan amaldagi tartibda zid ravishda ishonchnomasiz fuqaro G. T. ga to‘lab berilgani aniqlandi. Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilganidan keyin fuqaroning qonuniy pensiya to‘lab berilishi ta’minlandi», — deyiladi Pensiya jamg‘armasi axborotida.

Jamg‘arma yuqoridagi holatlar bo‘yicha chora ko‘rishni so‘rab, Markaziy bank hamda «Halq banki» boshqaruviga xat yuborgan. To‘lovlar kechikishiga yo‘l qo‘ygan xodimlar ishdan bo‘shatilgan.