Fransiyada istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov O‘zbekiston hukumati tomonidan Suriyaning jangovar harakatlar olib borilayotgan hududlaridan 98 nafar o‘zbekistonlik, ya’ni 25 ayol va 73 bolani vatanga qaytarish bo‘yicha «Mehr-3» loyihasi, shuningdek, mamlakatda diniy erkinliklarni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan munosabat bildirdi. Quyida uning fikrlarini juz’iy tahrir bilan e’tiboringizga havola etamiz.

O‘zbekiston yuzga yaqin vatandoshlarimizni Suriya sarhadlaridan vatanga qaytardi. Bu — uchinchi marta qaytarilish. Mazkur jarayonga «Mehr-3» deb nom berilibdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu voqeaga vatandoshlarimizning munosabati ikki qutbli ekanligini ko‘rdim. Salbiy munosabatlar nihoyatda ko‘p! Hayratlanarli darajada ko‘p! Jamiyatimizda resentiment juda ko‘p va empatiyaning nihoyatda past ekanligi — xafli simptom! Odatda boshqalarga achinishni bilmaydigan, vaziyatni to‘g‘ri qabul qilishni inkor etadigan qatlam keng bo‘lsa, buning ijtimoiy va siyosiy oqibatlari yaxshi bo‘lmaydi.

O‘zbekiston o‘zining Suriya va Iroqdagi, umuman, xorijdagi vatandoshlarining qaytishiga ruxsat berishi, qaytarishi — fundamental o‘zgarish! Karimovning yondashuvi — muammolarni tan olmaslik, boshqalarni ayblash, vaziyatni kuch va zo‘rlik bilan boshqarish, mahrum qilish va kurashish, eshitmaslik va muloqot qilmaslik yo‘li edi. Har qanday boshqacha qarash, yuqori dindorlik, muxolif kayfiyat va qarashlarning joyi aniq uchta edi: yoki qabr, yoki qamoq, yoki qochqinlik. Hokimiyatga nomaqbul vatandoshlarni mamlakatdan chiqarib yuborish — davlat siyosatining ongli yondashuvi edi.

O‘zbekistonning o‘z vatandoshlarini vatanga qaytarishi butun davlat tafakkuri va boshqaruv siyosati o‘zgarib boshlaganini anglatadi. Davlatning din va vijdon erkinligi siyosati repressiyalarga asoslana olmasligini anglatadi. Diniy ehtiyojlar tan olinishi va ta’minlanishi lozimligini, harakatlar boshlanganini anglatadi.

Hali qilinadigan ishlar ko‘p. Masalan, endi O‘zbekistonda balog‘atga yetgan qizlarning o‘ranib yurish huquqini tan olish vaqti keldi. Ming yillar davomida ajdodlarimiz shunday yashagan. Faqat keyingi yarim-bir asrda keskin o‘zgardik. Bizning O‘zbekistonda hech qachon Yevropa yoki Amerikadagi kabi o‘ta sekulyar, postmodern jamiyat bo‘lmaydi, bo‘lmagani ham yaxshi. Buni yaxshi anglashimiz va qadrlashimiz kerak. Albatta, davlat huquqiy bo‘lishi va hech kimni majburlanishiga, sazoyi qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Davlat ohista shaklda insonlar o‘rtasidagi qadr-qimmat posboni bo‘lishi kerak. Lekin bugun yuzlab, balki minglab vatandoshlarimiz o‘z qizlari va oilalarining ro‘molda yurish huquqini ta’minlash uchungina Turkiyaga chiqib ketishi — jiddiy muammo. Biz modernizmni kuch va majburlov orqali emas, muvozanat va qadriyatlar orqali ta’minlashimiz kerak.

Bitta tadbir — yuzga yaqin vatandoshimizning O‘zbekistonga qaytarilishi ortida butun bir boshqaruv tafakkuri va modeli o‘zgarayotganligini ko‘rish mumkin. Davlat bu vatandoshlarni qaytarishi bilan diktatura va repressiyalardan voz kechganligiga, diniy ehtiyojlar va erkinliklarga yo‘l ochish niyatida ekanligini ko‘rsatadi. Men bu ishni katta tafakkur o‘zgarishining jiddiy ifodasi sifatida ko‘raman.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.