Prezidentning 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.

Sudyalar oliy kengashi taklifiga asosan️, 2021-yil 1-fevraldan ilk bor sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlari internet tarmog‘i [veb-sayt] orqali onlayn tarzda yoritib borish yo‘lga qo‘yiladi.

S️udyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dastur ishlab chiqilib, joriy etiladi.

Sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlar ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etiladi.

Sudyalar Oliy kengashi tuzilmasida Sudyalar dahlsizligini va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi tuziladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi munosabati bilan 2021-yil 1-yanvardan mazkur sudlarning malaka hay’atlari shakllantiriladi.

2021-yildan boshlab:

  • Sudyalar daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirishda faoliyatga aralashganlik holatlari yuzasidan Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan kiritilgan taqdimnoma prokuratura tomonidan bir oyda ko‘rib chiqilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atish yoki rad etish bo‘yicha xabar berishi lozim.
  • Sudyalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilish uchun chiqarishga tegishli malaka hay’atlari ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.
  • Sudyalar daxsizligini ta’minlash bo‘yicha sud inspeksiyasi — Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi etib qayta tashkil etiladi. Shuningdek, OAV bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida tegishli sho‘ba negizida matbuot xizmati tashkil etiladi.

Shuningdek, hujjat bilan sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida “Ibratli sudya” mukofoti hamda pensiyaga chiqqan sudyalar uchun “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, Sudyalar oliy kengashi huzurida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Sudyalar klubi tashkil etilishi belgilanmoqda. Klubning doimiy mas’ul a’zolari tarkibi ko‘p yillik ish tajribasi, chuqur bilim va yuksak obro‘-e'tiborga ega amaldagi va faxriy sudyalar orasidan shakllantiriladi.

Shu bilan birga, klub amaldagi moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar va sudyalarning odob-ahloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llanilishi yuzasidan so‘rovlariga tushuntirishlar berish vakolatiga ega.