Hindiston janubidagi Andhra-Pradesh shtatida noma’lum kasallikning sababi qo‘rg‘oshin va nikeldan zaharlanish bo‘lishi mumkin, ularning izlari suv va sutda uchraydi, deb xabar bermoqda RIA Novosti shtat bosh vaziri idorasiga tayanib.

O‘tgan yakshanba kuni Eluru shahri va uning atrofida kasallik avj oldi. Kasallikning alomatlariga uch-besh minut davomida epilepsiya belgilari, bir necha daqiqa davomida xotirani yo‘qotish, to‘satdan hushidan ketish, bosh va bel og‘rig‘i kiradi.

Ushbu kasallikdan jami 505 kishi jabr ko‘rdi, 370 dan ortig‘i sog‘aydi va yana 120 kishi kasalxonalarda qolmoqda.

«Noma’lum kasallikni nima qo‘zg‘atganligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot markaziy bo‘limlar hisobotlarini topshirgandan keyingina ma’lum bo‘ladi. Avvalo, yuqtirishning sababi qo‘rg‘oshin ekanligi aniqlandi», — dedi Sog‘liqni saqlash bo‘yicha shtat rahbarining o‘rinbosari Alla Kali Krishna Shrinivas.

Hisobotda ta’kidlanishicha, bu dastlabki ma’lumotlar va qo‘shimcha tadqiqotlar natijalarini kutish kerak.

The Times of India nashrining yozishicha, tadqiqotlar Hindiston kimyoviy texnologiyalari instituti va boshqa institutlar mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda va uning natijalari yaqin kelajakda e’lon qilinadi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi bemorlar suvning rangi va ta’mida o‘zgarishlarni sezganliklarini aytishgan.