Energetika vaziri o‘rinbosari Behzot Narmatov Zo’rTV ga bergan intervyusida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz ravishda tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida AGTKSHlarga kiritilgan gaz ta’minoti cheklovi o‘rnatilishi haqida gapirdi.

«Birinchi navbatda aholi va ijtimoiy ob’ektlarga gazni bir maromda yetkazib berishni ta’minlashimiz kerak. Gaz tizimidan intensiv ravishda foydalanadigan iste’molchilarni birinchi navbatda o‘chirishga majburmiz. Avtomobillarga gaz kompressorlari orqali quyish shahobchalarini 17:00 dan 5:00 gacha qisqartirish rejalashtirilgan. Bu orqali gazni aholiga yetib borishini ta’minlashimiz zarur», — dedi Energetika vaziri o‘rinbosari.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, gaz hajmini o‘lchagichlarni ulanish nuqtasiga olib chiqishi kerak bo‘lgan, lekin bu talabni bajarmagan AGTKSHlarga nisbatan qat’iy chora ko‘riladi. Prezident qaroridagi punktlarni bajarmagan AGTKSHlar to talablarni bajarmagunicha o‘chirib qo‘yiladi.