Davlat rahbarining 7 dekabrdagi qaroriga asosan tadbirkorlarga 2021 yil 1 martdan boshlab avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari [registrator] o‘rnatilishini tashkil etish huquqi beriladi.

Hujjat bilan registratorlar o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlarga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi. Elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlarga bunday joylar cheklanmagan muddatga va boshqa tadbirkorga o‘tkazish huquqi bilan biriktiriladi. Joylarning minimal qiymati esa IIV va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

2021−2022 yillarda respublika maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini rnatish dasturiga muvofiq, jami 3356 ta intellektual videokameralar va 763 ta statsionar radarlar o‘rnatish rejalashtirilgan.

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 100 ta videokamera, 97 ta radar
  • Andijonda — 106 ta videokamera, 75 ta radar
  • Buxoroda — 103 ta videokamera, 50 ta radar
  • Jizzaxda — 76 ta videokamera, 35 ta radar
  • Qashqadaryoda — 117 ta videokamera, 115 ta radar
  • Navoiyda — 20 ta videokamera, 12 ta radar
  • Namanganda — 41 ta videokamera, 26 ta radar
  • Samarqandda — 103 ta videokamera, 27 ta radar
  • Sirdaryoda — 58 ta videokamera, 30 ta radar
  • Surxondaryoda — 56 ta videokamera, 24 ta radar
  • Farg‘onada — 37 ta videokamera, 13 ta radar
  • Xorazmda — 32 ta videokamera, 10 ta radar
  • Toshkent viloyatida — 90 ta videokamera, 92 ta radar
  • Toshkent shahrida — 2417 ta videokamera, 157 ta radar

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatorlar IIV tomonidan qayd etilgan aniq mezonlar va texnik topshiriqlar asosida xarid qilinadi. Shuningdek, belgilangan talablar va boshqa zaruriy shartlarga muvofiq biriktirilgan joylarga o‘rnatiladi.

O‘rnatilgan qurilmalar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining «Ma’muriy amaliyot» kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga intergatsiya qilinadi. Uskunalar texnik holati va ishlashini ta’minlash tadbirkorlarga yuklatiladi.

Jarimalardan ajratmalar miqdori esa Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda taqsimlanadi.

Avvalroq, prezident qarori bilan 2021 yil 1 apreldan tadbirkorlar haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazishga ruxsat berilgani haqida xabar bergan edik.