9 dekabr kuni Adliya vazirligida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida oila qonunchiligini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilot vakillari hamda boshqa soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga Adliya vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilish davomida adliya vaziri Ruslanbek Davletov aliment to‘lash amaliyoti bo‘yicha joriy holat hamda ushbu masala bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi tahliliy qiyoslab, sohani takomillashtirish bo‘yicha bir qancha takliflarni ilgari surdi.

Yig‘ilishda majburiy oilaga tayyorlov kurslarini bepul asosda joriy etish, nikohlanuvchi shaxslarni bepul asosda bepushtlik yuzasidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, nikohning dastlabki 3 yilligida yosh oilalarning moddiy farovonligini ta’minlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratishga kelishib olindi.

Shuningdek, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan majburiy jamoat ishlari hamda transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash shaklidagi ta’sir choralarini qo‘llash bo‘yicha bildirilgan takliflar yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqish rejalashtirildi.