O‘zbekiston koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Manish Prabxat bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, «elchi prezident rahnamoligida mamlakatda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi, shu sababli kasallik tarqalishi hozirgi vaqtda sezilarli darajada kamayganini e’tirof etdi».

O‘z navbatida, vazir hozirda vaziyatning barqarorligi hotirjamlikka berilish uchun asos bo‘la olmasligini qayd etdi.

«Ko‘pgina boshqa mamlakatlar tajribasiga ko‘ra, COVID-19`ning ikkinchi to‘lqinidan qochib bo‘lmaydi, degan tushuncha mavjud. Buning uchun mamlakatda unga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan 150 dan ortiq shifoxonadan ayni paytda 40 ga yaqini faoliyati ko‘rsatayotgani, qolganlari zarurat tug‘ilganda yana koronavirus bilan kasallangan bemorlarni qabul qilishlari uchun saqlab qolingani aytib o‘tildi», — deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Manish Prabxat hozirda Hindiston koronavirusga qarshi 3 ta vaksina yaratish ustida ish olib borayotgani, ulardan 2 tasi ikkinchi, bittasi esa uchinchi bosqichda sinovdan o‘tkazilayotganini aytdi. Elchi kelajakda O‘zbekiston aholisi uchun ham ushbu hind vaksinalari foydali bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, elchi talabalar almashinuvi dasturi bo‘yicha yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflarini bildirdi. Jumladan, Hindiston yoshlarining O‘zbekistondagi tibbiyot OTMlarida o‘qishga qiziqishi tobora ortib borayotgani qayd etilgan.