Rossiyaga Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Tashkent Pharma Park ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida COVID-19 ga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish taklif qilindi. Ushbu taklifni Rossiya tomoniga 4 dekabr kuni davra suhbatida Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev kiritdi.

43,75 gektar maydonda Tashkent Pharma Park qurilishi yanvar oyi oxirida boshlangan edi. Klaster tarkibiga farmatsevtika texnika universiteti, shuningdek, o‘zining infratuzilmasi bo‘lgan sanoat zonasi kiradi. Bu yerda 2020−2024 yillarda 191 mln dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Loyiha qiymati 53 million dollarni, ishlab chiqarish quvvati 120 million donani tashkil qiladi. Agentlik rahbari taqdimotida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda emlash kun tartibiga kiritilgan va COVID-19 ga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha vazifalar belgilab olingan. Gap vaksinalarning har xil turlarini ishlab chiqarish uchun maydoncha va zamonaviy sinov laboratoriyasini yaratish to‘g‘risidagi prezident farmoni haqida ketmoqda.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda immunobiologik vaksinalar importining ulushi 92 foizni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, 4 dekabr kuni O‘zbekistonga Rossiyaning koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasi olib kelingan edi. Preparat namunalari O‘zbekiston hududida vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazish va sanoat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan sinovlar uchun yetkazildi.