O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida ayol kishi va uning yosh nabirasi o‘ldirib ketilgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan To‘rtko‘l tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Xabarda aytilishicha, o‘tkazilgan tergov harakatlari davomida fuqaro J.S.(1991 y.t., ishsiz) 29 noyabr kuni o‘g‘irlik qilish maqsadida kirgan xonadonda yashayotgan 79 yoshli ayol va uning nabirasini oshxona pichog‘i bilan qasddan o‘ldirib, pul va 2 dona uyali telefon apparatini olib ketgani aniqlangan.

Tergovda fuqaro J.S. gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, sudning ajrimi bilan unga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.