2021 yilda Toshkentning barcha tumanlarida aholiga qulay ko‘chalarida umumiy uzunligi 50 kilometr bo‘lgan piyoda va velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo‘laklari»ni tashkil etadi, deb xabar bermoqda Sport vazirligi.

Xabarda keltirilishicha, ushbu maqsadlar uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan Toshkent shahar hokimligiga 2023−2024 yillarda qaytarish sharti bilan 20 million AQSH dollari miqdorida foizsiz ssuda ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 oktyabrdagi farmoniga binoan respublikaning har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo‘laklari»ni tashkil etilishini belgilangan edi. Hujjatga ko‘ra, piyodalar va velosiped yo‘laklarining umumiy uzunligi 3−5 kmni tashkil etadi hamda o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘ladi.

Shuningdek, mazkur farmonda o‘zbekistonliklarga piyoda yurgani uchun pul to‘lanishi ham qayd etilgan. Unga ko‘ra, bir sutka davomida 10 ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston fuqarosining elektron hamyoniga 3 ming so‘m, bir oyda bir marta tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan kishiga 300 ming so‘m, hududlar bo‘yicha eng ko‘p yurgan kishiga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan kishiga 1 mln so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkaziladi.