O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Rossiya Federatsiyasi tomonidan quritilgan o‘rik mahsuloti uchun taqiq qo‘yilmaslikka kelishildi.

Avvalroq, Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistondan Rossiyaga yetib borgan 1 tonna quritilgan o‘riklar orasida karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan zararli organizm — kapr qo‘ng‘izi (Trogoderma granarium Ev.) aniqlangani haqida xabar bergan edik.

Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidan yuklangan 1 tonna quritilgan o‘rik mahsulotida karantin ob’ekti hisoblangan 2 ta «kapr qo‘ng‘izi» lichinkasi topilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbariyati Rosselxoznadzor karantin xizmati rahbariyati bilan tezkor ravishda onlayn muzokaralar olib borgan. Rossiya tomonidan yuborilgan fotosuratlar Markaziy karantin laboratoriyasi xodimlari ishtirokida tekshirilib, qo‘rsatilgan mazkur karantin ob’ekti aynan «Kapr qo‘ng‘izi» emas, balki Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasida tarqalgan Trogoderma oilasiga mansub boshqa qo‘ng‘iz ekanligi taxmin qilinmoqda.

Onlayn muzokaralar davomida Rossiya Federatsiyasi tomonidan quritilgan o‘rik mahsuloti uchun taqiq qo‘yilmaslikka kelishilib, faqatgina mahsulot yuklangan eksporter korxonaga nisbatan fitosanitar choralar ko‘rilishi haqida kelishuvga erishildi.