«Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar» kampaniyasi doirasida zo‘ravonlik qurbonlari huquqlarini himoya qilish va ularga o‘z vaqtida yordam berish maqsadida «Najot» mobil ilovasi ishga tushirildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uning bosh sahifasida favqulodda vaziyat uchun mo‘ljallangan «Yordam tugmasi» mavjud. Agar foydalanuvchi zo‘ravonlik qurboniga aylansa, ushbu tugmani bosib, 3 soniyadan ko‘proq ushlab turish kerak. «Najot» ilovasi qurbonning oilasiga yordam so‘rab xabar jo‘natadi va uning manziliga havola yuboradi.

Buning uchun foydalanuvchi 5 nafar yaqin insonlari kontaktlarini va yordam haqidagi xabarni ilovaga qo‘shishi lozim. Ularni esa ilova to‘g‘risida oldindan ogohlantirish talab etiladi. Qolaversa, foydalanuvchi «Eng yaqin yordam markaziga xabar berish» parametrini tanlashi ham mumkin. Shunda xavf tug‘ilganda xabar eng yaqin reabilitatsiya markaziga yuboriladi.

Ilovada «Yordam markazlari» bo‘limi ham mavjud. Unda oilaviy muammolar, zo‘ravonlik va favqulodda vaziyatlarda yordam uchun murojaat qilish mumkin bo‘lgan joylar haqida ma’lumot olish mumkin. Ushbu markazlarda, lozim bo‘lsa, psixolog, shifokor yoki huquqshunos maslahatlarini olish va himoyalangan turar joy bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.

Ilovada har bir hududdagi zo‘ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish markazlari ro‘yxati hamda markazlarning manzili xaritada keltirilgan. Kerakli hududni tanlab, ushbu markazlarning manzili va kontaktlari to‘g‘risida ma’lumot olish mumkin.

«Bilish muhim» bo‘limida ayollar salomatligi, ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari, oilaviy munosabatlar, huquqiy masalalar va boshqa masalalarga oid eng ko‘p tarqalgan savollarga javoblar mavjud. Shuningdek, himoya orderini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar mavjud. Bundan tashqari, foydalanuvchi zo‘ravonlik turini aniqlash yoki zo‘ravonlik nima ekanligini tushunish uchun testlardan o‘tishi mumkin.

Ushbu bo‘limda foydalanuvchi testdan o‘tishi va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik borligini aniqlashi va qanday yordamga muhtojligini tushunishi mumkin. Masalan, agar javoblarda «ko‘pincha» va «doimiy» javoblar ustunlik qilsa, demak, foydalanuvchi oilasida zo‘ravonlik muammosi dolzarbdir

Qayerda va qanday bo‘lishidan qat’i nazar, foydalanuvchi yordam olguncha: u taqdim etgan barcha ma’lumotlar sir saqlanadi. Ushbu mobil ilova o‘zbek va rus tillarida mavjud. Yaqin orada «Najot» mobil ilovasini PlayStore-da yuklab olish mumkin.