5 dekabr kuni Toshkentning Sergeli tumanida joylashgan «Toshissiqquvati» DUKga qarashli «Sanoat Energiya» qozonxonasida noqonuniy ravishda 571 ming kub metr tabiiy gazdan foydalanilgani ma’lum bo‘ldi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan jami zarar miqdori 571,3 million so‘mga teng.



Mazkur qozonxona orqali Sergeli tumanining aholi va ijtimoiy soha ob’ektlari issiqlik energiyasi (issiq suv va issiqlik ta’minoti) bilan ta’minlanadi. Noqonuniy foydalanilgan gaz miqdori o‘rtacha 950 ta xonadonning bir oylik tabiiy gaz iste’moli hajmini tashkil etgan.

Korxona rahbari tomonidan qozonxonaga kirish gaz quvuriga qozonxonaning gaz hisobdonidan oldin o‘zboshimchalik bilan ulanib, qozonxona hududidagi binoda tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalangan holda ohak ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilgani aniqlandi, deyiladi xabarda.