Prezident tomonidan 18 noyabrda imzolangan Milliy gvardiya to‘g‘risidagi qonun imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra, Milliy gvardiya xizmatchisining o‘z vakolatlari doirasida qo‘yilgan qonuniy talablari barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy qilib qo‘yiladi.

Shuningdek zarur bo‘lgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar ularning qonuniy talabi bo‘yicha bepul taqdim etiladi. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining va xodimining qonuniy talablari ustidan shikoyat qilinishi ularning bajarilishini to‘xtatib turmaydi.

Milliy gvardiya xodimlari xizmatni o‘tash vaqtida daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi. Ular tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.

Shuningdek, qonun bilan quyidagilar tartibga solinadi:

  • Milliy gvardiyasining huquqiy maqomi va asosiy vazifalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorligi;
  • Milliy gvardiya faoliyatini tashkil etish — tizimi, bo‘ysunishi va hisobdorligi masalalari, mansabdor shaxslarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, Milliy gvardiya hay’ati tarkibi va maqomi;
  • harbiy xizmatchilar va xizmat xodimlar tomonidan xizmatni o‘tash tartibi va shartlari — xizmatga qabul qilish va qasamyod qilish, harbiy xizmatchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jihatlari, xizmatdan bo‘shatish va xizmatga tiklash, xizmat muddatlari va ularni uzaytirish uchun asoslar, shuningdek harbiy va maxsus unvonlar berish;
  • Milliy gvardiyaning huquq va majburiyatlari;
  • harbiy xizmatchilar (xodimlar) tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni, o‘qotar qurolni qo‘llash, tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish;
  • harbiy xizmatchilarni va xodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, shuningdek ularning sog‘lig‘ini saqlash, ta’minoti, uy-joy maydoni bilan ta’minlash hamda pensiya ta’minoti va boshqalar.

Qonun Senat tomonidan 2019 yil dekabrida qabul qilingan bo‘lib, prezident tomonidan 2020 yil 18 noyabrda imzolandi.

Qonun 2021 yil 20 maydan kuchga kiradi.