Qozog‘iston senatori Dauren Adilbekov bugungi kunda mamlakat tadbirkorlari O‘zbekistonga eksport qilishda duch kelayotgan asosiy muammolarni sanab o‘tdi, xabar berdi LS.

Senatorning gaplariga ko‘ra, asosiy muammolardan biri O‘zbekiston Qozog‘istondan kirib kelgan 96 turdagi tovarga bojxona qiymatidan 5 foizdan 50 foizgacha aksiz solig‘i qo‘llanmoqda. Qozog‘istonda esa O‘zbekistondan olib kelingan tovarlar uchun shu kabi aksiz soliqlari mavjud emas.

Ikkinchisi, Qozog‘iston tadbirkorlari O‘zbekistonga eksport qilganda 15 foizli QQS solig‘ini ham to‘lashadi, ammo mamlakatda QQS stavkasi 12 foizni tashkil etadi.

Dauren Adilbekovning aytishicha, Qozog‘istondagi biznes vakillari O‘zbekistondan olib kiriladigan tovarlarga teng aksiz soliqlarini qo‘yishni yoki O‘zbekistonga Qozog‘istondan olib kirishdi to‘lanadigan ortiqcha to‘lovlarni qaytarish imkoniyatlarini berishni so‘rashmoqda.

Eslatib o‘tamiz, noyabr boshida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi vakillarini qabul qilgan edi. Uchrashuvda Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Baxit Sultonov Qozog‘iston o‘zbek bozoriga yetkazib berishi mumkin bo‘lgan yana 64 ta tovarni taklif qilgan edi.

Yanvar-oktyabr oylarida ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasining umumiy hajmi 2,3 mlrd dollarni tashkil qilib, shuning 729,4 mln dollari eksport, 1,5 mlrd dollari esa importga to‘g‘ri keladi.