29 noyabr kuni soat 21:00 da Samarqand viloyatida 23 yoshli Abbos K. Urgut tumani «Mirzabog‘lon-Chep» mahallasida fuqaroga o‘tkir hidli «geroin» giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddani 3 mln so‘m va 300 dollarga sotayotgan vaqtida Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Mazkur tezkor tadbir tafsilotlari haqida Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Abbos giyohvandlik vositasini sotishdan biroz avval mahalladoshi 28 yoshli Abdullodan olgan va pullarni unga olib borib bergan. Abdullo tintuv qilinganda, pullar yonidan chiqqan va ular ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasida Abbosdan olingan modda tarkibida giyohvand modda-diatsetilmorfin mavjudligi, bu «geroin» giyohvandlik vositasi turiga kirishi va uning sof og‘irligi 4.27 grammga teng ekani ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Abbos va Abdulloga nisbatan Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi [Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish] bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov jarayonida Abbos va Abdulloga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.