Toshkent shahrining Yangixayot tumanida rux va polimer qoplamali metall listlar ishlab chiqaradigan Toshkent metallurgiya zavodi ishga tushirildi. Xabar berilganidek, 4 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, korxonanining faoliyatiga start berdi.

Loyihaga kiritilgan jami sarmoyalar 326,6 mln yevroni tashkil etib, shundan 226 mln yevro — Rossiya eksport-import banki krediti, 147 mln yevro — o‘z mablag‘lari, 15,1 mln yevro — «Asaka» banki krediti hisoblanadi. Loyihaning o‘zini qoplash muddati taxminan 8,6 yil.

Foto: SFI Management Group.

49,7 gektar maydonga ega zavod qurilishi loyihasi Rossiyaning «Metprom» guruhi tomonidan amalga oshirildi, ya’ni guruh loyihaning dizayneri va bosh pudratchisi sifatida qatnashdi. Korxona Italiyaning Danieli kompaniyasi texnologiyalari va avtomatlashtirilgan uskunalari bilan jihozlangan.

Loyiha SFI Management Group xorijiy korxonasi tomonidan boshqarilgan bo‘lib, u qurilishning barcha bosqichlarini va loyihani ishlab chiqishni, barcha manfaatdor tomonlar bilan muzokaralar olib borib, investitsiyalar va kreditlarni jalb qilish, chet ellik mutaxassislarni loyihaga taklif qilish kabi vazifalarni o‘z ichiga olgan holda to‘liq nazorat qildi.

Loyiha mualliflari zavod ekologik toza mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangani hamda tabiatni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro me’yor va qoidalarga to‘liq mos kelishini ta’kidlamoqda. Ma’lum qilinishicha, korxonada deyarli hech qanday chiqindi hosil bo‘lmaydi — ishlab chiqarishda ishlatiladigan suv maxsus filtrlar yordamida tozalanadi va texnologik jarayonga qaytarilib, atrof-muhit zararlanmaydi. Havodagi chiqindilar ham tozalanadi va minimallashtiriladi.

TMZ mahsulotlarini qurilish sanoatida (metall koshinlar, havo quvurlari, sendvich panellar, rulonli uchastkalar, yengil po‘latdan yasalgan yupqa devorli konstruksiyalar ishlab chiqarish), maishiy texnika (korpus konstruksiyasi), mashinasozlikda (avtomobil ustki qismlarini ishlab chiqarish) ishlatish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, endi O‘zbekistonda talab katta bo‘lgan metallurgiya mahsulotlarini ishlab chiqarish zanjiri shakllantiriladi va mahalliy korxonalarda mahalliylashtirish darajasi sezilarli miqyosda oshadi. Masalan, sendvich panellar va tom yopish materiallarining eng yuqori narxida respublikada ishlab chiqariladigan birlamchi mahsulotlarning ulushi 50 foizdan 90 foizgacha, ventilyatsiya va shamollatish tizimlari 30 foizdan 50 foizgacha, maishiy elektr jihozlari esa 35 foizdan 50 foizgacha o‘sadi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda zavodning ishga tushirilishi har yili 400 mln AQSH dollari miqdorida mablag‘ chiqib ketishining oldini oladi.

Umuman olganda, tegishli tarmoqlar bilan birgalikda 5000 ta (zavodning o‘zida 672 ta) yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Loyihadagi o‘zgarishlar

Dastlab, prezidentning 2017 yil 7 apreldagi farmoniga binoan (PQ-2874) yillik quvvati 500 ming tonna rux va polimer qoplamali metall listlar ishlab chiqaradigan Toshkent metallurgiya zavodini qurish va 2019 yil avgustda, so‘ngra 2020 yil may oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan edi.

Biroq, «Metprom» vakillari payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilganidek, TMZni ishga tushirish sanasi ikki marta qoldirilgan. Birinchi marta keyinga qoldirish loyihani ishlab chiqarish quvvatini yiliga 750 ming tonna mahsulotgacha kengaytirishga qaratilgan o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lgan edi. Bu, shuningdek, loyiha qiymatining 326,6 mln yevrogacha o‘sishiga olib keldi.

Ikkinchi ko‘chirish koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq edi. Birinchi bosqichga ko‘ra, 2021 yil davomida TMZ 500 ming tonnagacha mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi kerak. Taxminan yillik eksport hajmi 100 ming tonnani tashkil etadi (Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarga).

TMZning moliya bo‘limi direktori Bobur Ziyayev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida 2019 yilda O‘zbekistonga 483 ming tonna metallprokat import qilingani, 2020 yil yakunlariga ko‘ra ham taxminan shuncha hajmda bo‘lishi prognoz qilinayotganini aytdi. Mahsulotlarning katta qismi Xitoydan (50%), Rossiyadan (35%) va boshqa mamlakatlardan (15%) import qilinadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi potensial xaridorlar bilan o‘tkazilgan dastlabki muzokaralar allaqachon 200 ming tonna metallprokatga talabni aniqlagan.

«Ularning bizdan sotib olishlari o‘zlari uchun foydali bo‘ladi. Ular valyutaga, xorijiy kompaniyalar ta’minotiga bog‘liq bo‘lib qolmaydi. Potensial xaridorlar sendvich panellar, profnastil ishlab chiqaruvchilardir. Hozirda Artel kompaniyalari guruhi bilan katta loyihamiz bor, biz ularni maishiy texnika uchun listlar bilan ta’minlaymiz», — dedi u.

Shuningdek, mutaxassis TMZ UzAuto Motors bilan avtomobillar ishlab chiqarish uchun metall listlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini aytdi. Shu bilan birga, avtomobil ishlab chiqaruvchisi General Motors standartiga muvofiq ishlaydi, shuning uchun zavod GM sertifikatini olishni rejalashtirmoqda.

Toshkent metallurgiya zavodi dastlab xom ashyoni Rossiyaning Magnitogorsk metallurgiya zavodidan olib keladi. Biroq hozirgi vaqtda «O‘zmetkombinat» AJda (qiymati 800 mln dollar) quyma va prokat majmuasi qurilishi davom etmoqda. Uni ishga tushirish bilan TMZ bilan birgalikda «metallurgiya klasteri» yaratiladi, bu esa mahalliylashtirish darajasini 90 foizga yetkazadi.

Moliya departamenti direktori ham «Gazeta.uz»ga loyihani amalga oshirish jarayonida muassislar o‘zgarganini tasdiqladi. Dastlab ustav kapitali 197,8 mln yevroni tashkil etgan «Toshkent metallurgiya zavodi» qo‘shma korxonasining ta’sischilari O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (49,9 foiz yoki 98,7 mln yevro) va Niderlandiyaning Metallurgical Technology and Engineering B.V. (50,1%, 99,1 mln yevro) bo‘lgan. Loyihaning umumiy qiymati esa 278,2 mln yevroga baholangan.

Loyihani amalga oshirishni boshqargan SFI Management Group loyiha ishtirokchilari bo‘lish taklifini ilgari surdi.

«Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi vakili bo‘lgan davlat tomonidan ma’qullangandan so‘ng, muassislarning tarkibiy tuzilishi amalga oshirildi. [SFI Management Group] qo‘shimcha ulush qo‘shdi», — dedi Bobur Ziyayev.


Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestrining ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, ta’sischilarning tarkibiy tuzilishi Metallurgical Technology and Engineering B.V. 41,9% gacha. SFI Management Group 8,2% daromad oldi.

Avvalroq rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov «O‘zmetkombinat», «O‘zvtorsvetmet», Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va boshqa bir qator aktivlarni boshqaradigan SFI Management Group kompaniyasining milliarder Fattox Shodiyev (Kobul Shodiyev) akasining oilasiga tegishli ekanligini aytgan edi.