Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturov Toshkentga koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasi namunalarini shaxsan yetkazib berdi. Bu haqda Rossiya sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Namunalar O‘zbekiston hududida vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazish va sanoat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan sinovlar uchun O‘zbekistonga yetkazildi.

O‘zbekiston sanitariya-epidemiologiya ta’minoti xizmati vakili Rossiya vaksinasini sinovlarini boshlash vaqtlari to‘g‘risidagi savolga javob berar ekan, bugungi kunda ushbu masala muhokama qilinayotgani, hukumat qarori kutilayotganini aytdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, vaksinaning dastlabki 100 dozasi kecha samolyotda yetkazilgan. «Olib kelishgunga qadar, -20 daraja haroratda muzlatgichga qo‘yilgan edi», deyiladi manbada.

Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RTIJ) va Laxisam farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistonga 35 million doza koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini yuborishga kelishuvga erishgan edi.

O‘tkizilgan tadqiqotlardan olingan natijalarning ikkinchi oraliq tahlillari birinchi in’eksiyadan 28 kun o‘tib Rossiyada ishlab chiqarilgan COVID-19 ga qarshi «Sputnik V» vaksinasi samaradorligi 91,4 foiz, birinchi in’eksiyadan 42 kun o‘tib esa 95 foizdan oshganligi ma’lum qilingan.