Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 dekabr kuni ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish borasida oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Innovatsion ishlanmalar byudjetdan 100 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsada, tanlov natijalari bo‘yicha bor yo‘g‘i 29 mlrd so‘mni 51 ta loyiha shakllantirdi, xolos», — dedi prezident. Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar darajasi o‘ta past, ilm va innovatsiya masalalari bo‘yicha mas’ul prorektorlar umuman ishlamayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda 100 dan ziyod ilmiy tashkilotlar faoliyatida, ular tomonidan olib borilayotgan izlanishlarda hali sezilarli o‘zgarish bo‘lmaganligi va 24 ta muassasa o‘tgan yili xalqaro tan olingan jurnallarda birorta ham ilmiy maqola chop etmaganligi aytib o‘tildi. «Innovatsiya vazirligi ilmdan ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘zaro bog‘lovchi yaxlit tizim va muhitni yo‘lga qo‘ya olmayapti», — deb aytdi prezident.

«Fanlar akademiyasi tizimidagi 33 ta ilmiy tashkilotlar tomonidan o‘tgan yili atigi 59 ta patent olingan», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Bundan tashqari, hududlardagi suv xo‘jaligi sohasidagi muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash kengayib bormoqda. Lekin bunda o‘g‘itlarni to‘g‘ri eritish, sug‘orish vaqtini aniqlash, muddatida texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tizim tashkil etilmagan. Yomg‘irlatib sug‘orish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga joriy etish ham oqsayotgani qayod etildi.

«Irrigatsiya tizimiga birorta olim jalb qilinmagan. Olimga nima kerak? Olimga buyurtma kerak. Buyurtma yo‘q bizda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xorazmda tashkil etilgan Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi orqali viloyatdagi irrigatsiya inshootlarini qayta loyihalashtirish, suv resurslarini to‘g‘ri rejalashtirish lozimligi aytildi.

«Ilm-fan natijalari kimyo sanoati va neft-gaz tarmoqlari uchun ham juda zarur. Mamlakatimiz ko‘p miqdorda kimyoviy reagentlar, polimerlar va boshqa mahsulotlarni import qilayotgani bu boradagi ahvolni yaqqol ko‘rsatadi», — deb aytdi davlat rahbari.

Yig‘ilishda ilm-fan va oliy ta’lim muassasalari, tarmoq va hudud rahbarlari kelgusi yili qaysi yo‘nalishlarda ilmiy loyihalarni amalga oshirishi va qanday natijalarga erishishi yuzasidan axborot berildi.