Andijon viloyati prokuraturasi bloger Abdufatto (Otabek) Nuritdinovga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini bekor qildi, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Facebook faoli o‘ziga nisbatan jinoiy ish ochilgani to‘g‘risida 1 dekabr kuni sahifasida ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, 25-sonli maktab direktori o‘rinbosari Gulchexra Mirzayeva Andijon shahar ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan.

«Jinoyat ishi asossiz ochilgan va biron joyga shikoyat qilishim xaqidagi balandparvoz gaplarni yozishimdan foyda yo‘q», — dedi u.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, 2020 yil oktyabr oyida Abdufatto Nuritdinov Facebook ijtimoiy tarmog‘ida mavjud bo‘lgan «Otabek Nuritdinov» nomli sahifasida fuqaro G. Mirzayevani «Ma’naviy buzuq ayol» va shu kabi so‘zlar bilan haqoratlagani bo‘yicha 20 noyabr kuni Andijon shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (Haqorat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Xabarga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qarorni qabul qilishda jinoyat protsessual qonunchiligi talablariga to‘liq rioya qilinmagani aniqlangan. Shu sababli Abdufatto Nuritdinovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil dekabr oyining oxirida Abdufatto Nuritdinov tuhmat, haqorat va mayda bezorilik ayblari bilan jarimaga tortilib, 15 sutkaga qamoqqa olingan edi.

Bloger ijtimoiy tarmoqda Asaka shahridagi mansabdor shaxslarning faoliyatidagi korrupsiya holatlari, byudjet mablag‘larining o‘zlashtirilishi va talon-toroj qilinishi haqida yozib kelgan.