Shveysariyaning federal apellyatsiya sudi Gulnora Karimovaning Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan Takilant Ltd. kompaniyasi qonuniy benefitsiari ekanligi to‘g‘risidagi da’vosini ko‘rib chiqish bo‘yicha qaror chiqardi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Sud tomonidan B. ismli o‘zbekistonlik shaxsga nisbatan jinoiy ish ochilgan edi. U Gulnora Karimovaga tegishli pullarning asl egasini yashirish maqsadida uning nomidan kompaniyalar ochgani uchun hujjatlarni soxtalashtirish va “pullarni yuvish"da aybdor deb topildi.

2018-yilgi sud qarori bilan ushbu kompaniyaga tegishli 350 mln dollar muzlatib qo‘yilgan edi. Endilikda, Gulnora Karimovaning vakillari ushbu muzlatilgan aktivlarni qaytarib olish uchun harakat qilishlari mumkin.

“Federal prokuratura Gulnora Karimovaning aktivlarini musodara qilishga harakat qilgani va uning ushbu jarayonda qatnashishdek fundamental huquqlarini ta’minlamaganini hisobga olsak, bu u uchun muhim g‘alaba”, — dedi Karimovaning advokati Gregori Manja.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 18-martda Toshkent shahar sudi hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo muddatini 2015-yil 21-avgustdan boshlab hisoblash belgilangan edi.

2019-yil mart oyida AQSH Gulnora Karimova va “O‘zdunrobita"ning sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovni korrupsiya va 865 mln dollardan ko‘proq pulni “yuvgan"likda ayblagan edi. 24-iyunda esa Shveysariya Bosh prokuraturasi Karimova ishi bo‘yicha muzlatilgan 130 mln shveysar kronasi [$133,7 mln] miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarishini ma’lum qilgan edi.

2020-yilning may oyiga kelib, Karimovaning 10 mln dollarlik aktivi Fransiyadan qaytarilgan. Sentyabrga kelib, Shveysariya hukumati musodara qilingan pul mablag‘larini O‘zbekistonga qaytarish shartlari bo‘yicha mamlakat hukumatlari kelishuvga erishganini ma’lum qildi. O‘shanda Karimovaning Shveysariyadagi hisoblaridan olingan 131 mln dollarlik mablag‘ O‘zbekistonga qaytarilishi aytilgandi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” ijtimoiy tarmoqlarda Karimovaning sog‘ligi og‘irlashganiga oid tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan bog‘langan edi. “Uning ahvoli yaxshi, COVID-19`ga chalinmagan, o‘pka pnevmoniyasi ham yo‘q”, — deyilgandi xabarda.