Buxoro viloyatining Peshko‘ tumaniga va Surxondaryo viloyatining Sherobod tumaniga yangi hokimlar tayinlandi.

Peshko‘ tumaniga Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Vahob Qahhorov hokim etib tasdiqlandi, deya xabar berdi Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Peshko‘ tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Amrillo Nazarov esa viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumaniga Jarqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Ziyodulla Davlatov hokim etib tasdiqlandi, deya xabar berdi Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati. Sherobod tumanining oldingi hokimi Amirov Alisher boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan tuman hokimi vazifasidan ozod qilindi.

Ziyodulla Davlatov 1974 yil 3 martda Termiz tumanida tug‘ilgan. 2006 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, 2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

2007−2010 yillarda AT Xalq banki ichki audit boshqarmasi boshlig‘i, kredit departamenti direktori, 2010−2013 yillarda Xalq banki Toshkent viloyati filiali boshlig‘i, 2013−2017 yillarda Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2017 yildan to shu kungacha Jarqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida ishlagan.