Xalqaro press-klubda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev so‘z erkinligi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

«Bilasizlarmi, men uchun bir narsa ravshan, agar o‘z vaqtida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mana shunday islohotlar boshlanmaganida, agar bizning jamiyatimizda so‘z, matbuot erkinligi joriy etilmaganida, pandemiya sharoitida bizning ahvolimiz ancha murakkab bo‘lar edi», — dedi u.

Sodiq Safoyev insonlarning haq-huquqlari, manfaatlari haqida so‘z yuritib, unga demokratiyasiz, so‘z va matbuot erkinligisiz erishib bo‘lmasligini ta’kidladi.

«So‘z erkinligi, matbuot erkinligi — demokratiyaning qon aylanish tizimidir, usiz bu tushunchalar faoliyat ko‘rsata olmaydi», — dedi u.

«Agar biz bugun renessans haqida gapirayotgan bo‘lsak, inson rivojlanishi, insonning manfaatlari haqida gapirmoqchi bo‘lsak, bunga demokratiyasiz hamda so‘z va matbuot erkinligisiz erishib bo‘lmaydi», — dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.

«Bizdagi jarayonlar ortga qaytmaydigan tus olmoqda. Birinchi navbatda shuni biz tushunishimiz kerakki, hukumat, parlament, fuqarolik jamiyati, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari huquq va imtiyozlarini kafolatlashni o‘zining asosiy burchi hamda asosiy vazifasi deb bilishi kerak. Buni hammamiz yaxshi anglamog‘imiz kerak», — deya ta’kidladi Sodiq Safoyev.