2 dekabr kuni hukumatning «Toshkent shahrida Yaponiya raqamli universitetni tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi axborot xizmati.

Nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblangan universitet axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, axborot tizimi va kompyuter tarmoqlarini boshqarish hamda iqtisodiyotning ehtiyoji yuqori bo‘lgan boshqa sohalari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashadi.

O‘qitish yapon va o‘zbek tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Universitetda talabalarning o‘qishi uchun to‘lov-kontakt mablag‘lari miqdori «Digital Knowledge Co., Ltd.» (muassis) tomonidan belgilanadi.

Universitetda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi va masofaviy ta’lim shakllarida kadrlar tayyorlanadi. Abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish bevosita muassis va Oliy ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

2020/2021 o‘quv yilidan «Muhandis-dasturchi» bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga, keyingi o‘quv yilidan esa «Kompyuter grafikasi va dizayn» bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga talabalar qabul qilinadi.

Xabarga ko‘ra, universitetga har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan 10 nafardan kam bo‘lmagan abituriyent o‘qishga tanlov asosida bepul (universitet granti asosida) qabul qilinadi.

Bitiruvchilarga oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Yaponiya universitetlari hamda O‘zbekistonning belgilangan namunadagi diplomlari beriladi.