Taxminan 3 dan 17 yoshgacha bo‘lgan 1,3 mlrd bola uyda internetga ega emas. Bu haqda BMTning Yangiliklar xizmati xabar berdi.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda 36 million o‘g‘il-qiz uy sharoitida internetga ulanmasdan ishlaydi va bu mintaqadagi barcha maktab o‘quvchilarining 42 foizini tashkil qilayotganini ko‘rsatmoqda.

«Butunjahon tarmog‘idan tashqarida bo‘lgan bolalar turli xil qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Ular butun dunyodan ajralib qolgandek va zamonaviy iqtisodiyotda raqobatdosh bo‘la olmaydilar. Hozirgi vaziyatda COVID-19 tufayli maktablar yopilgan bo‘lsa, bu bolalar va yoshlarning ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga olib keladi», — dedi YUNISEF ijrochi direktori Genriyetta For.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, 24 yoshgacha bo‘lgan talaba yoshlar ham xuddi shunday muammoga duch kelishmoqda. Dunyo bo‘ylab ularning 759 millionida internet yo‘q.

COVID-19 tufayli maktablarning yopilishi dunyo bo‘ylab taxminan chorak milliard o‘quvchiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Internetga ega bo‘lmaganlar uchun ta’lim olish umuman imkonsiz. Koronavirus pandemiyasi raqamli bo‘linishni yanada kuchaytirib, mamlakatlar va jamoalarni allaqachon ajratib turadigan tengsizlikni davom ettiradi, deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kambag‘al oilalar hamda kam ta’minlangan mamlakatlardagi bolalar va yoshlar o‘z tengdoshlaridan yanada ortda qolmoqdalar. Kam ta’minlangan mamlakatlarda maktab yoshidagi har 20 nafar bolalardan bittasi, boy mamlakatlarda esa har 10 boladan 9 nafari Internetga kira olish imkoniyatiga ega.