Vazirlar Mahkamasining qarori bilan joriy yilning 30 noyabridan Gayane Umerova O‘zbekiston Respublikasining UNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi Bosh kotibi etib tayinlandi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

2008 yildan 2017 yilga qadar Gayane Umerova — O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasining Ko‘rgazmalar va jamg‘armalar bo‘limida yetakchi mutaxassis, 2017−2020 yillarda esa — Madaniyat vazirligi huzuridagi San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasining moliya boshqaruvi bo‘limi boshlig‘i, ijrochi direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

2020 yildan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasining ijrochi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Gayane Umerova prezident va Hukumat topshirig‘i bilan san’at sohasidagi yirik xalqaro loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi. 2022 yilda Luvr muzeyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniy merosi ko‘rgazmasini tashkil qilish, O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi rekonstruksiyasi, O‘zbekistonning zamonaviy Restravratsiya markazini yaratish, 2022 yilda o‘tkaziladigan SHHT sammiti munosabati bilan Samarqandda Buyuk Ipak yo‘li muzeyining ochilishi, 2021 yilda Berlinda O‘zbekiston ko‘rgazmasining ochilishi, Samarqand xalqaro xayriya yarimmarafonining o‘tkazilishi shular jumlasidandir.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 noyabrdagi «YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi 957-sonli qarori bilan UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasining Nizomi, tuzilmasi va tarkibi tasdiqlangan.

Milliy komissiya faoliyatining asosiy vazifasi O‘zbekistonning UNESCO va ICESCO faoliyatidagi xalqaro nufuzi va o‘rnini mustahkamlash, vazirlik va idoralarning madaniyat, ta’lim, ilm-fan, kommunikatsiyalar va axborot ishlab chiqarishga doir faoliyatini muvofiqlashtirish sanaladi.