Vazirlar Maxkamasining qaroriga ko‘ra, Navoiy va Toshkent viloyatlarida qo‘g‘irchoq va musiqali drama teatrlari, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida faqat qo‘g‘irchoq teatrlari ochiladi.

Ushbu davlat teatrlari ijodkorlariga respublika va xorijiy teatrlarning malakali mutaxassislarini jalb qilinib, rejissura, aktyorlik mahorati, sahna harakati va nutqi bo‘yicha mahsus darslar tashkil etiladi.

Teatr binolarini qurish va jihozlash Madaniyat vazirligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi zimmasida bo‘ladi.

Teatrlarning har biriga 1 tadan shaxsiy xizmat yengil avtoransport vositasi va 1 tadan avtobus ajratiladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, San’at va madaniyat institutida «Qo‘g‘irchok yasash texnologiyasi» ixtisosligi bo‘yicha hamda Milliy rassomlik va dizayn institutida «Qo‘g‘irchoq teatri rassomi» ixtisosligi bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari ochiladi.