2021 yil 1 yanvardan boshlab ko‘chmas mulk (bino, inshoot va yer uchastkalari) ob’ektlarini bozor bahosiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymati asosida mol-mulk va yer soliqlarini hisoblash tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu prezidentning «Resurs soliqlari va mol-mulk soliqlarini yanada
takomillashtirish to‘g‘risida» gi farmonida belgilangan, deb xabar bermoqda Moliya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Ko‘chmas mulk ob’ektlarini bozor bahosiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymati asosida mol-mulk va yer soliqlarini hisoblash tizimini joriy etish ikki bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan:

  • Birinchi bosqich (2021−2023 yillar) — ko‘chmas mulk bo‘lgan turar-joy fondi ob’ekti (kvartira, yakka tartibdagi uy-joylar, dala-hovli), shuningdek, ushbu ob’ektlar egallagan yer uchastkalari;
  • Ikkinchi bosqich (2022−2024 yillar) — yashash uchun mo‘ljallanmagan alohida ko‘chmas mulk ob’ektlari, shuningdek ushbu ob’ektlar egallagan yer uchastkalari.

2021−2022 yillarda bozor qiymatiga asoslanib, kapital qurilishga mo‘ljallangan ob’ektlar va yer uchastkalaridan foydalanishga bog‘liq holda ko‘chmas mulk ob’ektlarini kadastr qiymatini aniqlash bo‘yicha sinov tartibida respublikaning quyidagi hududlarida «tajriba-sinov» asosida o‘tkaziladi:

  • turar joy va noturar joyga (tijoriy) mo‘ljallangan mol-mulk ob’ektlari — Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani;
  • ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ob’ektlar — Navoiy viloyati Navoiy shahri;
  • rekreatsion zona va alohida qo‘riqlanadigan hudud ob’ektlari — Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan ob’ektlar — Buxoro viloyati Romitan tumani.

«Bozor qiymatiga yaqin kadastr qiymatiga asoslangan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini hisoblashga o‘tishning afzalligi soliq to‘lovchilar o‘rtasida soliq yukini adolatli ravishda taqsimlashdir», — deya ta’kidlamoqda Moliya vazirligi.

Bozor bahosidan kelib chiqqan holda har bir egalik qiluvchiga (foydalanuvchi) tegishli bo‘lgan va ko‘chmas mulk ob’ektlarini sifatli baholashdan o‘tkazish, ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha to‘liq va ishonchli ma’lumotlar bazasini tashkil etish uchun axborot tizimini takomillashtirish, bozor bahosiga asoslangan ko‘chmas mulk ob’ektlarining kadastr qiymatini aniqlash metodikasini 2022 yil 1 yanvarga qadar ishlab chiqilishi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi zimmasiga yuklatilgan.