Jahon bankining katta iqtisodchisi va Markaziy Osiyodagi kambag‘allik va tenglik masalalari bo‘yicha dastur boshqaruvchisi Uilyam Zeyts «Gazeta.uz» ga bergan intervyusida bir mamlakat miqyosida kambag‘allik darajasi qanday o‘lchanishi va xalqaro usullar yordamida ularning qanday taqqoslanishi haqida gapirib berdi. Shuningdek, u kambag‘allikni baholashning milliy standartlarini ishlab chiqishda hukumat foydalanishi mumkin bo‘lgan variantlarni tushuntiradi. Suhbatdosh COVID-19 pandemiyasining O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasiga qanday ta’sir qilganini alohida tahlil qiladi.

— Agar biz kambag‘allikni odam tomonidan iste’mol qilinadigan kunlik kaloriya miqdori asosida hisoblasak, demak qashshoqlik odamning faqatgina ma’lum miqdordagi kaloriya olish uchun yetarli miqdorda oziq-ovqat sotib olish uchun yetarli pulga ega bo‘lishidir. Shundaymi?

— Ko‘pgina mamlakatlarda «qashshoqlik» ta’rifi qisman oziq-ovqat orqali iste’mol qilinadigan kaloriya miqdoriga bog‘lab qo‘yilgan. Biroq, bu g‘oya birinchi qarashda sodda ko‘rinishi bilan, tafsilotlarni o‘rganishni boshlasangiz, amalda ishlar yanada murakkab bo‘lishi mumkin. Masalan, elektr energiyasi va kiyim-kechak narxi kabi nooziq-ovqat iste’molini hisobga olish kerakmi? Yoki, ikki xil mamlakatda kambag‘allik darajasini taqqoslash mumkinmi? Savolingizga javob berish uchun, avvalambor kambag‘allik darajasini o‘lchashda qo‘llaniladigan ikki usul — milliy va xalqaro usullar o‘rtasidagi farqlarni tushunish muhimdir.

Aksariyat mamlakatlar milliy darajada kambag‘allik bo‘yicha o‘z ta’riflaridan foydalanadilar. Hukumatlar bunday qilishidan sabab, bu atamaning ma’nosi turli jamiyatlarda juda katta farq qiladi. Ammo bu turli mamlakatlarda moddiy sharoitlar bir xil emasligi bilan ham bog‘liq. Odamlarning asosiy ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha xarajatlar ko‘plab omillarga bog‘liq. Masalan, ayrim mamlakatlarda bu aholining ovqatlanish tartibi, ijtimoiy me’yorlar va iqtisodiy tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq. Muayyan sharoitda foydalanish uchun ishlab chiqilgan, bir mamlakatda kambag‘allik darajasini hisoblashning milliy usullari kamdan-kam hollarda boshqa mamlakatlardagi vaziyatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslash uchun qo‘llaniladi.

Ammo ba’zida turli mamlakatlardagi kambag‘allik darajasini taqqoslash foydali. Masalan, dunyoning boshqa qismlarida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qanday davlat siyosati muvaffaqiyatli qo‘llanilayotganligini tahlil qilish uchun. Bunday taqqoslashni o‘tkazish uchun 1991 yilda Jahon banki dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridagi o‘rtacha kambag‘allik darajasi sifatida aniqlanadigan xalqaro kambag‘allik ko‘rsatkichini ishlab chiqdi.

Xalqaro kambag‘allik darajasi birinchi marta e’lon qilinganidan so‘ng bir necha bor qayta ko‘rib chiqildi va bir qator mamlakatlarda vaziyat o‘zgarishi va ko‘proq ma’lumot paydo bo‘lishi bilan o‘zgarib bordi. So‘nggi marotaba global qashshoqlik chegarasi 2011 yilgi xarid qobiliyati pariteti (XQP) narxlari asosida har bir kishi uchun kuniga 1,9 dollar miqdorida belgilandi.

Shunga aniqlik kiritmoqchimanki, kambag‘allikning xalqaro ko‘rsatkichi davlatlar tomonidan milliy darajada qo‘llaniladigan o‘xshash ko‘rsatkichlar o‘rnini bosmaydi. Aksincha, unga har bir mamlakatda yashash narxidagi farqlarni hisobga oladigan tuzatishdan so‘ng xalqaro taqqoslashlarni o‘tkazish uchun ixtisoslashgan usul sifatida qaralishi kerak. Statistika mutaxassislari ushbu tuzatishni «Xarid qobiliyati pariteti konvertatsiyasi» deb atashadi. XQP asosidagi valyuta kurslari barcha mamlakatlarda bir xil miqdordagi tovarlar va xizmatlarning narxi teng bo‘lishini ta’minlash uchun hisoblab chiqiladi.

Yuqoridagi yondashuvni qo‘llashda hisobga olinishi kerak bo‘lgan yashashning taxminiy narxi butun dunyo bo‘ylab tovarlarning narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash tashabbusi bo‘lmish Xalqaro taqqoslash dasturi tomonidan hisoblanadi. Dastur BMT Statistika komissiyasining qarori bilan tuzilgan va bugungi kunda uning ishiga Jahon banki rahbarlik qilmoqda.

— Rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda qashshoqlik chegarasi XQP konvertatsiyasi asosida qanday aniqlanadi?

— Darhaqiqat, xalqaro kambag‘allik darajasi dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridagi sharoitlarni hisobga olganligi sababli, u yuqori daromadli mamlakatlar uchun to‘liq ahamiyatga ega emas. Ushbu ko‘rsatkich odatda pul ekvivalentida mamlakatdagi farovonlik o‘sishiga qarab ko‘tariladi. Mamlakatlar boyib borgani sari o‘z oldiga yanada kattaroq maqsadlar qo‘yib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yuqori talablarni qo‘yadilar.

Ushbu bo‘shliqni qisman to‘ldirish uchun Jahon banki «kambag‘allikning xalqaro ko‘rsatkichi» tushunchasini to‘ldiradigan daromadlar bo‘yicha kambag‘allik tasnifini kiritdi. Bu holda asosiy yondashuv bir xil — fuqarolarning daromad darajasi to‘rtta guruhdan biriga kiradigan mamlakatlardagi kambag‘allik milliy chegarasining qiymatiga asoslanadi: kam daromadli mamlakatlar (yiliga bir kishiga 1035 dollar yoki undan kam), past-o‘rta daromad (yiliga 1036−4045 dollar), o‘rtadan yuqori darajadagi daromad (yiliga 4046−12535 dollar) va yuqori daromad (yiliga 12 536 dollar yoki undan ko‘p).

Natijada, past-o‘rta daromadli mamlakatlar uchun, O‘zbekiston ham ushbu mamlakatlar qatoriga kiradi, kambag‘allik chegarasi har bir kishiga kuniga o‘rtacha 3,2 AQSH dollari, o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlar uchun esa kuniga 5,5 AQSH dollari etib belgilandi. Barcha qiymatlar XQPni hisobga olgan holda qaytadan hisoblanadi.

— Kambag‘allik ko‘rsatkichini xalqaro hisoblash usuli O‘zbekiston sharoitida qanday ishlaydi?

— Taqqoslash soddaligini ta’minlash maqsadida, kambag‘allik darajasining xalqaro ko‘rsatkichini o‘zbek so‘mida hisoblash uchun, jamoatchilikni ko‘pincha adashtirishi mumkin bo‘lgan, bir nechta tuzatishlar kiritish kerak. Masalan, O‘zbekistondagi aksariyat milliy o‘lchovlar har oyda amalga oshiriladi va ko‘pincha uy xo‘jaliklari yoki oilalarga taalluqli bo‘ladi, odatda bu yerda bir kishiga kunlik qiymatlarni hisoblash amaliyoti qo‘llanilmaydi.

So‘mlarni XQPda konvertatsiya qilgandan va 2020 yil boshida inflyatsiyani hisobga olib o‘tkazilgan tuzatishdan so‘ng 3,2 dollar kuniga 5600 so‘mga, 5,5 dollar esa kuniga 9600 so‘mga aylanadi. Agar biz ushbu qiymatlarni har oyda taqdim etsak, bu mos ravishda taxminan 170 ming va 290 ming so‘m bo‘ladi. Va nihoyat, agar biz hisob-kitobni alohida fuqarolar uchun emas, balki uy xo‘jaliklari uchun qilsak, bu qiymatlar har oyda kambag‘allik darajasining eng past ikki qatlami uchun oyiga 840−990 ming so‘m oralig‘ida va uyning kattaligiga qarab, kambag‘allikning yuqori darajasi uchun oyiga 1 million 450 mingdan 1 million 700 ming so‘mgacha bo‘ladi.

— O‘zbekistonda XQP koeffitsientini hisoblash mexanizmi qanday? U qaysi tovarlar uchun hisoblanadi?

— Xalqaro XQP hisob-kitoblarida asosan ikkita ma’lumot manbalari ishlatiladi. Birinchidan, bu O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining hisob-kitoblari va hisobotlariga binoan yalpi ichki mahsulotga (YAIM) kiritilgan xarajatlarning yakuniy bahosi. Ikkinchidan, bu har bir mamlakatda bir qator tovar va xizmatlarning narxini kuzatib boradigan ma’lumotlar bazasi. Ikkinchi holatda, ma’lumotlarni yig‘ish odatda milliy miqyosda ma’lum tovar va xizmatlar narxlarini o‘rganish orqali amalga oshiriladi. XQP koeffitsientlarini hisoblash usuli mamlakatning har bir tovar yoki xizmatga qancha mablag‘ sarflashiga va ular dunyoning boshqa mamlakatlarida qanchalik qimmatroq yoki arzonroq bo‘lishiga bog‘liq.

XQP asosida qayta hisoblashning koeffitsientiga ko‘ra, dunyodagi ko‘plab mamlakatlar bilan taqqoslaganda O‘zbekistonda yashash narxi ancha past. Boshqacha qilib aytganda, mamlakatda tovar va xizmatlarning aksariyati nisbatan arzon.

Ushbu xulosa ko‘p marotaba tasdiqlangan va uni O‘zbekistondagi narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va uni boshqa davlatlarning mos ma’lumotlari bilan taqqoslash orqali tekshirish mumkin. Masalan, yaqinda The Economist Intelligence Unit tomonidan o‘tkazilgan 160 ga yaqin tovar va xizmatlarning narxlarini tahlil qilish natijalariga ko‘ra, Olmaota bilan bir qatorda, Toshkent boshqa megapolislarda yashashning o‘rtacha narxiga nisbatan dunyoning eng arzon shaharlar beshligiga kiritildi.

Albatta, ushbu xulosa sizning poytaxtingizning ko‘plab aholisini hayratda qoldirishi mumkin. Ammo shunga qaramay, ushbu taqqoslash usuli amalda qanday ishlashini tushunishga harakat qilaylik. Masalan, metroda yurish narxini olaylik. Londonda ushbu turdagi jamoat transportida bitta sayohat uchun chiptaning narxi qariyb 4,9 funt sterlingni tashkil etadi yoki bugungi kursga nisbatan taxminan 68 ming so‘m. Toshkent metropolitenidagi jetonning narxi 1400 so‘mni yoki taxminan 0,1 funtni tashkil etadi, bu deyarli ellik martalik farq degani. Shunga qaramay, Toshkent metropoliteni xuddi London metropolitenidek, balkim unga qaraganda yuqoriroq sifatdagi xizmatni ko‘rsatishi mumkin.

Shubhasiz, barcha misollar ham yaqqol emas, ammo aniq tendensiya kuzatilmoqda: O‘zbekistonda bir qator tovar va xizmatlarning narxi (ayniqsa, kam ta’minlangan fuqarolar uchun juda muhim bo‘lgan) yuqori daromadli mamlakatlarga qaraganda ancha past. Ushbu farqlar qisman bozor kurslari va XQP asosida hisoblangan valyuta kurslari o‘rtasidagi farqni tushuntiradi.

— O‘zbekistonda XQP koeffitsientidan foydalangan holda kambag‘allik darajasini aniqlash mexanizmi qanchalik mukammal?

— O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi davlat siyosati haqida gap ketganda, Jahon banki tomonidan qo‘llaniladigan kambag‘allik ko‘rsatkichlarini hisoblash usullari mamlakat uchun ideal yechim emas. Kam sonli davlatlar ushbu ko‘rsatkichni milliy kambag‘allik darajasini hisoblash uchun ishlatadilar. Menimcha, bunday yondashuv O‘zbekistonga ham katta foyda keltirmaydi.

Mamlakat fuqarolarining ehtiyojlari va maqsadlari boshqa davlatlar aholisiga nisbatan bir oz farq qilishi mumkin. Ushbu omillarni hisobga olgan holda, rasmiylar mahalliy sharoit va O‘zbekiston hukumatining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha maqsadlarini to‘liq aks etadigan kambag‘allik ko‘rsatkichlarini hisoblash usullarini ishlab chiqishi mumkin. Xalqaro usul ushbu omillarni hisobga olmaydi va shuning uchun mamlakat sharoitida yetarlicha samarali qo‘llanilishi mumkin emas.

Shu bilan birga, kambag‘allikning xalqaro ko‘rsatkichlari O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasini aniqlashda foydali ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin. Xususan, ular daromad darajasi O‘zbekistonga o‘xshash aksariyat mamlakatlarda kambag‘allik ko‘rsatkichlari nisbatan mo‘tadilligini ko‘rsatmoqda. Yaqinda ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda ushbu muammolarning muhokama qilinishi shuni ko‘rsatdiki ko‘plab fuqarolarning fikriga ko‘ra, o‘rtacha past daromadli mamlakatlar bilan taqqoslanadigan darajada belgilangan kambag‘allik darajasi O‘zbekiston uchun yetarlicha yuqori emas.

Ushbu qarash noto‘g‘ri emas va mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish trayektoriyasiga mos keladi. O‘zbekistondagi turmush darajasi minimal talablarining aksariyati allaqachon past-o‘rta daromadli davlatlarnikidan yuqori darajada o‘rnatilgan va mamlakat iqtisodiyoti bir necha yil davomida dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori darajada o‘sgan. Farovonligi o‘sib borayotgan va kelajakdagi iqtisodiy o‘sish uchun ulkan rejalari mavjud bo‘lgan mamlakat, o‘zining imkoniyatlari va maqsadlariga mos ravishda kambag‘allikning yuqoriroq darajasini afzal ko‘rishi mumkin.

— O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasini hisoblash uchun qanday muqobil usullardan foydalanish mumkin?

— O‘ylaymanki, kambag‘allikning har qanday milliy ko‘rsatkichi mahalliy sharoitning xususiyatlariga asoslangan ma’lumotlarga tayangan holda hisoblab chiqilishi kerak. Ushbu talablarga javob beradigan keng tarqalgan usullardan biri «asosiy ehtiyojlarni qondirish narxini hisobga olish» deb nomlanadi. Jahon banki O‘zbekistonning manfaatdor vazirliklari va idoralari bilan birgalikda kambag‘allik darajasini hisoblashning ushbu usulini sinab ko‘rish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha bir qator ishlarni amalga oshirdi.

Ushbu usulning mohiyatini qisqacha tushuntirsam, u asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi to‘g‘risida ma’lumot to‘plashni nazarda tutadi. Buning uchun uy xo‘jaliklarining qaysi oziq-ovqat mahsulotlarini doimiy ravishda iste’mol qilishlarini ko‘rsatadigan so‘rovnoma ma’lumotlaridan foydalaniladi. Oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyoj avval odamga zarur bo‘lgan kaloriya miqdorini hisobga olgan holda hisoblab chiqiladi va keyin pul qiymatiga o‘tkaziladi.

Keyingi qadam energiya va kiyim-kechak xarajatlari kabi no-ozuqaviy ehtiyojlarni hisoblashdir. Buning uchun yana kam daromadli uy xo‘jaliklarining oziq-ovqat bilan bog‘liq bo‘lmagan iste’mol qilish hajmlarini ko‘rsatadigan so‘rov ma’lumotlaridan foydalanamiz. Keyinchalik, ushbu ikki komponentni birlashtirib, milliy kambag‘allik ko‘rsatkichi hisoblab chiqariladi.

— Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra O‘zbekistondagi kambag‘allar soni qancha?

— Kuniga bir kishiga 1,9 AQSH dollariga teng xalqaro kambag‘allik ko‘rsatkichi bo‘yicha qaraganda, Jahon banki tomonidan 2018 yilda mamlakat bo‘ylab 4000 uy xo‘jaligi ishtirokida o‘tkazilgan milliy tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat fuqarolarining atigi 1%i kambag‘al deb tasniflanishi mumkin. Ushbu ta’rifga mos keladigan kambag‘allik O‘zbekistonda juda kam uchrashi sababli, uni standart so‘rovnoma usullari yordamida aniq o‘lchashning qiyinligi ajablanarli emas.

Ammo ko‘rsatkichni past-o‘rta darajadagi daromadli mamlakatlar uchun qo‘llasak (XQP bo‘yicha qayta hisoblab chiqilgan bir kishiga kuniga $ 3,2), yuqorida keltirilgan so‘rovnoma natijalariga asoslangan baholashimizga ko‘ra, 2018 yilda fuqarolarning taxminan 9,5%i kambag‘al deb tasniflanishi mumkin edi. Keyingi ikki yil ichida kambag‘allik darajasi tendentsiyalari prognozi shuni ko‘rsatdiki, 2020 yil boshida, COVID-19 pandemiyasidan oldin, mamlakatdagi kambag‘allik darajasi aholining taxminan 7,4 foizigacha pasaygan.

Biroq, pandemiya oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz tufayli mamlakatda kambag‘allik darajasi yana oshdi va iyul oyida kambag‘allar soni yana ko‘payib, aholining 9,8 foiziga yetdi. Qo‘shimcha 900 ming kishi kambag‘allar qatoriga qo‘shildi. Bunga asosan mehnatdan olinadigan daromadlar darajasining pasayishi va mehnat muhojirlarining O‘zbekistondagi oilalariga pul o‘tkazmalari hajmining pasayishi sabab bo‘ldi.

Vaziyatni mintaqadagi boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda, hozirgi kunda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi Tojikiston va Qirg‘izistonga nisbatan pastroq (mos ravishda 14,5% va 21%), ammo Qozog‘istonga nisbatan ancha yuqori (1% dan kam). Jahon bankining tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, mamlakatda kambag‘allik bilan bog‘liq holat karantin cheklovlari bekor qilingandan so‘ng tezda yaxshilana boshladi. Ammo pandemiya tufayli iqtisodiy va tadbirkorlik faoliyati to‘xtatilsa, aholining farovonligi yana yomonlashishi mumkin.

— Yaqin kelajakda mamlakatda kambag‘allar soni qanday o‘zgarishi mumkin?

— Hozirda O‘zbekiston uchun prognoz ijobiy bo‘lib qolmoqda, chunki u Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi 23 ta davlat orasida 2020 yil milliy iqtisodiyoti tanazzuldan saqlanib qolishi va hattoki 0,4−0,8 foiz darajasida o‘sishni ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ikkita mamlakatning biriga aylanadi.

Agar rasmiylar endi mamlakat hududida karantin cheklovlarini joriy qilmaydi deb hisoblasak, u holda Jahon bankining prognozlariga ko‘ra, YAIM o‘sish sur’ati 2021 yilda 4,8−5,0% darajaga yetadi.

Agar ushbu prognozlar amalga oshsa, odamlarning ish joylariga qaytishi va inqirozdan keyingi davrda tezkor iqtisodiy tiklanish kambag‘allik darajasini pandemiya darajasidan oldingi ko‘rsatkichlargacha qisqartirishga yordam beradi.