2 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Dmitriy Kozak boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari oliy darajadagi samarali muloqot tufayli O‘zbekiston-Rossiya ko‘p qirrali hamkorligi keyingi yillarda jadal sur’at bilan rivojlanayotgani, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Dmitriy Kozak O‘zbekiston prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda bo‘lajak ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatdagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi. Ushbu tadbirlar kun tartibini aniq amaliy mazmun bilan boyitishga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro siyosatning ayrim jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» 30 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin telefon orqali muloqotda O‘zbekiston raisligidagi dekabrda o‘tadigan MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida e’tibor qaratishgani haqida yozgan edi. O‘shanda ikki davlat rahbarlari koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, jumladan, Rossiya vaksinasidan foydalanish muammolariga ham alohida e’tibor qaratishgan edi.