2020 yilning 1 noyabr holatiga O‘zbekistonda OIV infeksiyasi bilan yashovchilar soni 43 ming 581 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori Qahramon Yuldashevga asoslanib, SSV matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan yili 1 noyabr holatiga ko‘ra OIV bilan kasallanganlar soni 42 ming 98 nafar kishini tashkil etgan edi va bu ko‘rsatkich 1483 kishiga ko‘payganini anglatadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 78 ta OIV diagnostika laboratoriyalari faoliyat olib bormoqda. Ulardan 15 tasi OITSga qarshi kurash markazlaridagi laboratoriya komplekslari va 63 ta tumanlararo laoboratoriyalar hisoblanadi.

Laboratoriyalarni test-sistema va reagentlar bilan ta’minlash uchun har yili 8 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi, deyiladi xabarda.