Farg‘ona viloyatida «Neftchi» — «Turon» (0:1) o‘rtasidagi futbol o‘yinidan so‘ng kelib chiqqan tartibsizlikda qatnashgan 11 nafar shaxs ushlandi. Bu haqda Farg‘ona IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «v» bandi (ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda bezorilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergovga kirishildi.

Jinoyat ishi doirasida 6 nafar shaxslar yuqoridagi modda bilan ish bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ular Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Shu bilan birga, ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda ishtirok etgan 5 nafar shaxslarning harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlik aniqlanganligi bois, ular ma’muriy tartibda ushlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

«Tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, ishga aloqador bo‘lgan barcha shaxslarning harakatlariga huquqiy baho beriladi», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy ligasiga chiqish uchun o‘yinda «Neftchi» — «Turon» (0:1) bahsidan keyin «Neftchi» futbolchilari, klub xodimlari va ularga qo‘shilib jamoa muxlislari ham hakamlarga tashlanishgan edi.