Koronavirusning yengil formasi ham erta qarishga olib kelishi mumkin. Bu haqda AQSHning Virjiniya shtatidagi Jorj Meyson universiteti Tizimlar biologiyasi maktabi professori Ancha Baranova «RIA Novosti»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Baranovaning fikricha, ushbu virus resurslarni so‘rib olib, keksalikni yaqinlashtirishi bilan ham xavfli hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, noyabr oyida o‘tkazilgan tadqiqot natijasida koronavirusdan tez va oson tuzalganlarning 70 foizida ba’zi ichki organlarning patologiyasi kuzatilgan.

«Xastalikdan nafaqat yurak, balki jigar ham zararlanadi va yog‘li gepatoz, oshqozon osti bezi lipomatozi qayd etiladi. Odatda bunday tashxislar 60 yoshli insonlarga qo‘yiladi. Biroq koronavirusdan so‘ng bu kabi alomatlar 40 yoshli odamlarda ham uchramoqda», — deydi professor.