O‘tgan hafta Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) sentabr oyidan beri birinchi marta COVID-19 bilan kasallanganlarning soni pasayganini kuzatdi, deb xabar berdi BMT Yangiliklar markazi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesusning aytishicha, bunga so‘nggi haftalarda Yevropada ko‘rilgan choralar sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, JSST rahbari hushyorlikni yo‘qotmaslikka, iloji bo‘lsa sayohatlardan voz kechishga hamda Yangi yil, Rojdestvo va boshqa bayramlarni tor doirada nishonlashga chaqirdi.

U faqat ochiq havoda yig‘ilishni, jismoniy masofani saqlashni, sayohat qilmaslikni, iloji bo‘lsa odamlar ko‘p bo‘lgan savdo markazlariga bormaslikni va kerakli narsalarga Internet orqali buyurtma berishni, niqob kiyishni, dezinfeksiyalovchi vositalarni olib yurishni va qo‘llarni tez-tez yuvishni maslahat berdi.