Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 noyabr kuni hududlarda jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari transport sohasidagi muammolarga to‘xtalib, 10 oyda Xalq qabulxonalariga 3 mingdan ko‘p murojaatlar tushganini aytib o‘tdi.

“Har bir viloyat, ayniqsa, tuman, shahar hokimlari bu masalaning ichiga kirmaganidan dalolat. Birorta shaharda yoki tumanda transport sohasi sifatini yaxshilash bo‘yicha tajriba yo‘q, desak, bu ham to‘g‘ri. Nega desangiz, hech qaysi viloyat hokimi mana shu masalalar bo‘yicha o‘zini chora-tadbirlarini qo‘shimcha pul topib, qo‘shimcha avtobus olib, davlat xususiy-sherikchilik qilib, biror narsa qilmagan. Qilgan bo‘lsa ham, nomiga qilgan”, — dedi prezident.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha kuniga qariyb 20 mln yo‘lovchidan, bor yo‘g‘i 4,4 mln yoki 22% jamoat transportidan foydalanmoqda. Bu ko‘rsatkichlar Andijon, Qashqadaryo, Namangan (13%), Xorazm (14%), Samarqand (17%), Farg‘ona (18%), Buxoro va Toshkentda bundan ham kam.

Har bir viloyat hokimi bittadan tuman va shahar misolida aholiga transport xizmatini ko‘rsatish yuzasidan yil yakunigacha va 2021 yilda qanday amaliy ishlar qilish kerakligi, qishloqdan tuman markazigacha hamda tuman markazidan viloyat markazigacha transport xizmatlari ko‘lamini kengaytirish hamda ularning sifatini oshirish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

“Bugungi kunda 1200 ta qishloq mahallasidan tumanlar markazigacha bo‘lgan yo‘nalish jamoat transporti bilan qamrab olinmagan. Mana tasavvur qilinlar, 1200 ta qishloqda odamlarning kayfiyati qanday. Bir oyda bittagina avtobus tashkil qilsak bo‘ladi, mahalliy byudjetdanam pul topsa bo‘ladi, harakat qilsa bo‘ladi, davlat xususiy sherikchilik kilsa bo‘ladi uzoq-uzoq qishloqlarda. Nimaga buni o‘ylamaysizlar?” dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda aholi talabidan kelib chiqib yangi yo‘nalishlar ochish, mavjudlarini qayta ko‘rib chiqish, avtobus bekatlarini rekonstruksiya qilish, bunga xususiy sektorni jalb qilish zarurligi ta’kidlandi. Bu boradagi chora-tadbirlar ijrosi joylarga chiqqan holda o‘rganib borilishi, xalq deputatlari kengashlarida har uch oyda transport tizimi rahbarlarining hisobotlari eshitilib, aniq vazifalar qo‘yilishi belgilandi. Sohaga oid qonunlarning bugungi kun talabiga javob bermaydiganlarini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.


“Odamlar bilan bir maslahat qilinglar. Toshkentdan aytdi yoki viloyat hokimi aytdi, degan gaplar kerak emas”, — dedi prezident.

Respublikada 5000 ta avtobus bekatlari yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Bu ham odamlarni kayfiyatiga juda katta ta’sir qilayotgan omil ekanligi ta’kidlandi.

“Odamlar uchun shahar, tuman va qishloqlar orasida transportni qulay, xavfsiz va oson qilish kerak. Bu xizmatlardan xalq rozi bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.