30 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev va rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida xabar bergan edik. Unda prezidentlar shu yili dekabr oyida videoanjuman shaklida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston raisligidagi MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Kreml saytida ma’lum qilinishicha, ikki davlat rahbarlari koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasi masalasida ham o‘zaro fikr almashishgan.

«Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, jumladan, Rossiya vaksinasidan foydalanish muammolariga alohida e’tibor qaratishdi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev Rossiya bilan «Sputnik V» vaksinasi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar to‘g‘risida ma’lum qilgan edi. Vazir muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tsa, 2021 yil boshida O‘zbekistonda klinik sinovlarning uchinchi bosqichi boshlanishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, «Gazeta.uz» Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RTIJ) va Laxisam farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistonga 35 million doza koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini yuborish bo‘yicha kelishuvga erishgan haqida yozgan edi.

Shuningdek, COVID-19 ga qarshi «Sputnik V» vaksinasi ishlab chiquvchilari uning samaradorligi 95 foizdan yuqori ekanini e’lon qilishgandi. Xalqaro bozorlar uchun bitta vaksina dozasi 10 dollardan kamroqqa narxlanmoqda.