30 noyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

«Davlat kotibi Maykl Pompeo AQSH O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek, prezident Mirziyoyevning islohotlar dasturini izchil qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi», — deyiladi xabarda.

TIV rahbari va davlat kotibi inson huquqlari bo‘yicha islohotlarning borishi, jumladan, diniy erkinlikni kengaytirish, odam savdosiga qarshi kurashish, fuqarolik jamiyati va jurnalistlar uchun makonni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi.

Davlat departamentida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bozor siyosati va xususiylashtirishni amalga oshirayotganidan kelib chiqib, tomonlar AQSH eksportyorlari va investorlari uchun imkoniyatlarni muhokama qilishgan.

Abdulaziz Kamilov va Maykl Pompeo O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi har yilgi ikki tomonlama maslahatlashuvlarni strategik sheriklik muloqotiga aylantirish to‘g‘risidagi qarorni yuqori baholashdi. Mazkur muloqot doirasida mamlakatlar siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va inson o‘lchovlari sohasida yanada yaqinroq hamkorlikni rivojlantirish niyatida.

Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik, «S5+1» formatidagi o‘zaro munosabatlar, Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy qayta tiklash va barqarorlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.