Energetika vaziri Alisher Sultonov Alter Ego loyihasida bergan интервьюсида O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi haqida gapirdi. Vazir atom energiyasining toza ekanligi — atmosferaga zarar yetmasligi hamda chiqindilar ajralmasligiga e’tibor qaratdi. Ta’kidlashicha, u Chernobil va Fukusima atom stansiyalaridagi avariyalarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan hamda «eritmani ushlab turuvchi» qurilmasi mavjud yagona reaktor hisoblanadi.

«Undan foydalanmaslik gunoh. Tajriba bor — ham ijobiy, ham salbiy. Shunga qaramasdan, O‘zbekistonda AES qurish uchun tanlangan reaktor bugungi kunda eng xavfsiz hisoblanadi», — dedi vazir.

Bundan tashqari, u atom stansiyasi xavfsizligi haqida gapirar ekan, tizim bir necha bosqichdan iboratligi hamda Boeing samolyotining to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbasiga dosh berishini qayd etdi. Shu qatorda, u O‘zbekiston yadro yoqilg‘isi sohasida katta resurslarga va yadro fani borasida boy tarixga [50 yillik] ega ekaniga urg‘u berdi.

Shuningdek, ayni paytda katta tushuntirish ishlari olib borilayotgani, chunki jamoatchilik fikri MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi)ning asosiy talablaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Vazir AES nafaqat energiya manbai, balki juda ko‘p ish o‘rinlari yaratiladigan, shuningdek, nafaqat ilm-fan, balki milliy iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlarini rivojlantiradigan «katta qurilish» ekanligini aytgan. «Nega biz qayerdadir orqada turishimiz kerak?» — deya savol berli vazir.

O‘zbekiston atom elektr stansiyasini qurish uchun olmoqchi bo‘lgan kreditga kelsak, Alisher Sultonovning fikricha, mamlakatning tashqi qarzlari haqidagi gaplar bo‘rttirilgan.

«Butun dunyo birovning puli tamoyilida yashaydi, bu narsa hamma joyda bor, davlat qarzi trillionlab dollarga baholangan AQSHni olaylik. Har qanday yirik loyihadan avval hisob-kitob qilinadi. Har gal kredit olganimizda uni kimga va qanday qaytarish kerakligini juda yaxshi tushunamiz. Birovga qaramlik haqida gapning bunga nima aloqasi bor? Ob’ekt ob’ekt uchun qurilmayapti, biz AESni shunchaki qurishni xohlaganimiz uchun qurmaymiz. U foyda olib keladi. Bularning hammasining hisobi olingan. Ushbu loyihadan pullarni qaytara olishingizga ko‘zi yetmasa, hech kim sizga kredit bermaydi», — dedi vazir.